Wall Street da ishga joylashish mumkinmi?

Variantlar va imkoniyatlarni o‘rganib chiqamiz

Uoll-strit qanchalik shov-shuvlar va g‘iybatlar iniga aylanmasin, faqat va faqat shu afsonaviy ko‘chada ishlashni istaydiganlar soni bir kishiga ham kamaygani yo‘q.

Bunga toponimning muhtashamligi sababmi yoki bu ko‘chada ishlaydigan kishilarning oliy maqomi sababmi - bu muhim emas, eng asosiysi aynan shu afsonaviy ko‘chada tahlilchi, treyder yoki menejer sifatida o‘z bilim va malakasini sinab ko‘rishni istaydiganlar doim yetarli. Turgan gapki, Uoll-strit heya kimga aniq harakat dasturini belgilab berolmaydi, sehrli tayoq kabi bir silkinib, sizni shinam uyingizdan yoki maktab partasidan to‘ppa-to‘g‘ri quyi Manxettenda joylashgan ofislardan biriga olib borib, ishga joylashtirib qo‘yadigan yo‘riqnoma yo‘q va bo‘lmaydi ham. Hyech jon kuydirmay kulbadan saroyga borib qolish - tarixda bunday voqyea bo‘lmagan, bunaqasini faqat ertakda ko‘rish mumkin. Shunga qaramay, bir necha muhim jihatlar borki, Uoll-stritda ishlashni orzu qilganlar bilib qo‘ygani yaxshi.

Amerikaliklarning juda yaxshi ko‘rgan iboralari bor: “Baliq tutish uchun u yashaydigan joylarni yaxshi bilish kerak”. Men bilan Uoll-strit o‘rtasida tubsiz jarlik bor, degan fikrlar hech qayerga olib bormaydi. Maktabda o‘qib yurganingizdayoq miyasi yaxshi ishlaydiganlarni yollashni istagan investitsion kompaniyalar o‘zlarining bo‘lajak xodimlarini qidiradigan institutlarga nazar tashlang. Bu, avvalambor, Ivy League universitetlar birlashmasining tarkibiga kiradigan sakkizta eng taniqli universitet, shuningdek Chikago va Jorjtaun universitetlari. Universitetlar reytingiga vaqti-vaqti bilan nazar tashlab turish kifoya - u yerda AQSHning asosiy fond bozoriga yosh iste'dodlarni ekport qiladigan ko‘plab “yetakchilar”ni topasiz.

Deyarli barcha investitsion banklar bir ovozdan nomzodni o‘rganayotganda uning ixtisosiga (darvoqye, nomzod ixtisoslik doirasida ko‘plab fanlarni o‘zlashtirgan bo‘lishi mumkin mumkin) emas, balki qabiliyati, iste'dodi va ko‘nikmalariga e'tibor berishlarini takrorlasalar-da, aslida o‘z kelajagini iqtisod, biznes va matematika bilan bog‘lagan universitet bitiruvchilarining Uoll-strit bozorida o‘z o‘rnini topishga imkoniyatlari ko‘proq. Yana shuni ham bilib qo‘yingki, “yollangan” talabalarga, odatda, ma'lum soha (odatda, bank-investitsiya xizmatlari yoki savdo) bilan cheklangan doiradagi lavozimlarni taklif etishadi, ammo bozorni tadqiq qilish sohasida bo‘sh o‘rinlar ko‘p bo‘lib, ularni hamma ham egallay olmaydi.

Stajirovka ham Wall-street-lifega yaxshi yo‘llanma bo‘lishi mumkin. Stajerlikka nomzodlarni tanlab olish tartibini umumlashtirilgan deb bo‘lmaydi. Ish beruvchi nomzodlarni o‘zi bevosita tanlab oladi va shu tariqa ularga o‘zini namoyon qilish imkoniyatini beradi.

Agar bir paytlar xizmat yo‘lingizni  “yulduz” ko‘chada boshlash imkoniyati kulib boqmagan bo‘lsa, bu endi ham u yerda sizga joy topilmaydi, degani emas. Masalan, vrachlar juda ko‘p hollarda o‘z yo‘nalishlarini o‘zgartirib, kasblariga yaqin bo‘lgan tibbiyot uskunalari va farmatsevtika vositalari bozorida a'lo darajali tahlilchi bo‘ladilar, sobiq sanoatchilar esa bank xizmatchisi sifatida muvaffaqiyatli faoliyat yuritadilar. Aslini olganda, ko‘plab banklar ongli ravishda tadqiqotchilik guruhlarini  “har xillik” prinsipi bo‘yicha  tashkillashtiradilar, ularning fikricha bunday yondashuv unumliroq va samaraliroqdir.

Nufuzli universitetlarda olingan MBA darajasi - Uoll-stritda ishga joylashishning eng oson usuli. Aksariyat hollarda banklar istiqbolli xodimlarni MBA darajasiga ega mutaxassislar orasidan tanlab oladilar, shu bilan birga bakalavrlarning arizalarini hato ko‘rib chiqmasdan ham rad etadilar.

MBA - bu o‘z paytida Uoll-stritda ishlashga uncha qiziqmagan yoki kerakli tanish-bilishlari bo‘lmagan, yoxud ish beruvchi uchun mos keladigan ijtimoiy mavqyega ega bo‘lmagan ko‘plab odamlar uchun a'lo imkoniyat. Bunday odamlar uchun MBA barcha eshiklarni ochadi.

O‘z qobiliyatlari va ko‘nikmalari to‘g‘risida gapirish emas, balki amalda isbotlash muhim. Albatta, talabalikdagi stajirovka yoki MBA darajasi Uoll-stritga ishga joylashish imkoniyatlaringizni oshiradi. Ammo, oldin konsalting sohasida yoki Uoll-strit uchun qiziqarli bo‘lgan biron boshqa sohada ishlagan bo‘lsangiz, bu haqida shunchaki aytib o‘tishning o‘zi kifoya emas. Ish beruvchilar unumli mehnat va profssional o‘sishni aks ettirgan batafsil hisobotlarni ko‘rishni istaydilar.

Agar taqdir taqozosi bilan na MBA darajasi, na kerakli tajribangiz bo‘lmasa, bu ham tushkunlikka tushish uchun asos bo‘la olmaydi. Umid doim bor. Ko‘pchilik banklar treyding, IT-sohasi yoki HR-bo‘limi segmentlari uchun xodimlardan yuqori malaka talab etmaydilar. Omad va qat'iyat albatta sizni intervyu va qiziqarli taklif olish sari boshlab keladi.

Kichkina qadamlardan boshlashdan qo‘rqmang. Kotib, shaxsiy yordamchi yoki bek-ofis xodimi lavozimidan boshlab, ma'lum vaqt o‘tgach, jiddiy tahliliy ish darajasigacha ko‘tarilishingiz mumkin.

Haqiqatan ham Uoll-stritda ishlashga va buning uchun ko‘p narsani qurbon qilishga tayyor kishilar uchun - bu erishsa bo‘ladigan maqsad. Puch orzulardan voz keching - Uoll-strit arzisa-arzimasa katta oyliklarni behudaga tarqatmaydi. Vaqt sekin kechadi, ish qiyin, asabni tarang qiladigan holatlar ko‘p. Bu ish murosaga bormaydigan nonkonformistlar uchun emas, balki jamoada ishlashni biladigan va umumiy korporativ rivoj va o‘sishga hissa qo‘shishga qodir kishilar uchun.