Ikki maktab to’g’risida qissa: Harvard vs Wharton

Shubhasiz, dunyodagi eng yaxshi ikki biznes-maktab. Qay birini tanlash kerak?...

Garvard va Uorton – amerikaning eng qadimiy universitetlari va dastlabki biznes-maktablari, sayyoramizdagi qudratli insonlarni chiqaruvchi ustaxona va milliarderlar chiqadigan dargohdir. Biznes-ta’lim sohasidagi bu ikki gigant MBA dasturlari olamida mana bir necha o’n yillardan beri shohsupa uchun kurashib kelmoqdalar. Uorton kmida AQSHda eng yaxshi biznes-maktab hisoblansada, hech bir reytinglar Garvardliklarning o’zlarining ustunligiga bo’lgan ishonchni susaytirolmaydi hamda ushbu universitet binolarida hukm suruvchi va o’ttizdan ortiq nobel mukofotlari laureatlari va AQSHning bir nechta prezidentlarini ilhomlantirgan obro’ va qudrat aurasini tarqatib yubora olmaydi.

Oh, bu Garvard

Pechak ligasining jahonga mashhur universitetlaridan birining nomini o’ziyoq tafsifga muhtoj emasdek. Massachusets shtatining Kembridj universitet shaharchasida joylashgan, 5076 akr kampuslarga va 6,5 mingdan ko’p talabaga ega  Garvardni shahar ichidagi to’laqonli shahar deb atash mumkin. Garvardning ta’lim imkoniyatlari cheksiz: dunyodagi barcha mamlakatlardan kelgan eng iqtidorli kishilar fan, siyosat, biznes va san’atning amalda barcha jabhalari bo’yicha darslarni, buning ustiga o’ta yuksak darajada o’rganishadi: 3,9 milliard endoument (universitetning xususiy byudjeti) uskunalarni doimo yangilab borish, oliy darajadagi o’quv kampuslarini qurish va professorlarning eng yaxshi tarkibini tanlash imkonini beradi. Tavsifda tinimsiz takrorlanuvchi «eng-eng» uchun kechirim so’rayman, ammo ta’lim sohasidagi istalgan obro’li reytinglar Garvardning ustunligi va qudratini tasdiqlaydi (Uorton biznes-maktab bo’lgani sababli, hozir MBAdan farqli boshqa bir reytinglarni sanab o’tish adolatdan bo’lmaydi).

Shunday qilib,

• Forbs versiyasiga ko’ra, Garvard biznes-maktabi jahon biznes-maktablari ichida uchinchi o’rinda turadi;

• Nyus end Vorld Report versiyasi bo’yicha birinchi, Biznes Vik versiyasi bo’yicha esa ikkinchi o’rinda turadi. Afsuski, bu erda ham pand beradigan joy bor: Garvard ta’limini olishdek lazzat ancha qimmat: $102,000 turadi (aynan ikki yillik MBA dastur) va bu eng qimmat ta’limlardan biridir. Shuni aytib o’tish lozimki, Garvard biznes-maktabi Bostonda joylashgan o’z hududiga ega.

 

Kamgap Uorton

O’z-o’zidan Uorton biznes maktabi elita hisoblangan Pechak ligasi ro’yxatidagi sakkizta universitetdan biri bo’lgan Pensilvaniya Universiteti tarkibiga kiradi. Admission Hero versiyasi bo’yicha AQSHdagi eng yaxshi biznes-maktab hisoblangan Uorton o’zi tashkil etilgan 1886 yildan beri obro’li reytinglarda yuqori o’rinlarni egallab kelmoqda (Financial versiyasi bo’yicha ikkinchi o’rinda, The Economist bo’yicha uchinchi va Forbes versiyasi bo’yicha beshinchi o’rindadir). Wharton Business School kampusi Filadelfiyada joylashgan. Xuddi Garvardga singari, Uortonga ham zo’rlarning zo’ri kirishi mumkin (Uortonda tanlov juda qattiq – ariza berganlarning faqat 20 foizi qabul qilinadi, bunda GMAT bo’yicha to’planishi lozim bo’lgan eng kichik ball Uortonda Garvardnikidan balandroq) va xuddi Garvardda bo’lganidek, bu erdagi o’qishni ham barchaning cho’ntagi ko’tara olmaydi – MBAning to’liq dasturi uchun $105,000 talab etiladi.

Uortondagi muhit raqobat va o’ta maqsadga intilishga to’yingan. Maktabning o’zi, unda hech qanday «xarizma» yo’qligi, unga obro’ni faqat fakt va raqamlar keltirishi bilan g’ururlanadi. Bu maktabning mohiyatini innovatsiyalar, professionalizm va bemisl nafsoniyat tashkil etadi. Darvoqe. Garvard AQSHning 8 nafar Prezidentini tarbiyalab etishtirgan, jumladan Barak Obamani ham. Uorton dunyoga kimni tortiq qilganini sezdingizmi? Ha-ha, Amerikaning 45-Prezidenti bo’lmish Donald Trampni. Ko’p yillar ilgari u Uorton biznes-maktabida ta’lim olib, Forbes ro’yxatining birinchi pog’onalari sari ilk odimlarini tashlagan. Xo’sh, kimni tanlaysiz – Barak Obamanimi yoki Donald Trampnimi? Garvardmi yoki Uorton? Taqqoslaymiz.


Joylashgan o’rni va kampusda yashash

 Boston vs G’arbiy Filadelfiya

Boston ham, Filadelfiya ham tarixiy o’tmish va madaniy xilma-xillik mutlaq tarzda uyg’unlashadigan AQSHning sanoqli shaharlari sirasiga kirishadi. Ko’p jihatdan Boston qo’zg’oluvchan va harakatchan shahar bo’lishi mumkindir, ammo Filadelfiya chizsteyk unga osonlik bilan raqobatni tashkil qiladi. Agar filmlarni farqiga borsangiz, boshqacha tushuntiraman: Boston va Filadelfiya aynan o’sha Aqlli Uill Xanting va Rokini timsollaridir, ya’ni ikkita bir-biriga zid hodisa bo’lib, ulardan birini tanlash ancha murakkab.

Yaqin atrofida Harvard University joylashgan Boston dunyoning eng innovatsion shaharlaridan biri bo’lib, unda Gugl va Feysbukning shtab-kvartiralari joylashgan. U bir paytning o’zida akademik Disneylend ham, ishchilar sinfining shaharchasi hamdir. Bostonning aholisi o’ta bilimli amerikaliklar bo’lib, ko’pchiligi yoki talaba, yoki tadbirkordir. Shaharda narxlari qimmat pab va kafelar, turli tadbirlar o’tkaziladigan hashamatli madaniy markazlar ko’p.

Boston 

Wharton Filadelfiyaning qoq markazida joylashgan bo’lib, talabalar uchun Nyu-York yoki Vashingtonga tez va to’sqinliksiz borish imkoniyatini beradi. Shaharning o’zi a’lo darajali restoran va ko’ngilochar markazlarni topish mumkin bo’lgan shinam va qulay joydir. Filadelfiyaga ilk bora kelgan ko’plab talabalar odatda shaharning ildamligi va serharakatligidan hayron qolishadi.

Filadelfiya

Bu ikki maktabning kampuslari to’g’risida alohida aytib o’tish lozim. Uorton jahondagi barcha biznes-maktablar o’rtasida eng zo’r qulayliklarga va eng zamonaviy texnikaga egadir. Ammo nima bo’lsa-da, u Garvardga teng kela olmaydi. Hech bir maktab bas kela olmaydi. Garvard biznes maktabini Charlz daryosi qirg’og’i bo’ylab 40 akrli hududda joylashgan 33 ta alohida korpusga ega to’laqonli universitet deb atasa bo’ladi. Fitnes va bodibildingning eng oxirgi qonunlariga muvofiq jihozlangan sport zali, boy kutubxona,  kichik ibodatxona kampusning tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. Hududda hatto o’z ishining ustasi guru Maykl Porterning Strategiya va raqobat Instituti joylashgan. Shuningdek, sinflar va o’quv zallarining ulkan o’lchamlari bilan Garvardni sal bo’lsa ham eslatuvchi biznes-maktab topilmasa kerak. Boshqa tarafdan, Uortonni har qanday biznes maktab bilan taqqoslaganda undan o’zib o’tish oson bo’lmaydi. Bu erdagi Kampus ettita imoratdan iborat bo’lib, markazida talabalarning sevimli uchrashish joyi hisoblangan Uorton Kuad joylashgan. Ana shu bitta binoning o’zidayoq 48 ta sinf, 4 ta kompyuter laboratoriyasi, guruhdagi ishlar uchun 57 ta o’quv xonalari, 300 o’rinli mahalliy auditoriya va talabalarning ko’p sonli  kafelari joylashgan. Nima bo’lganda ham, kampuslarning joylashuvi va beradigan imkoniyati sektsiyasida Garvardni g’olib deb hisoblash adolatdan bo’ladi.



Madaniy hayot

Uortonning ustunligi shundan iboratki, u katta maktab ichidagi kichik maktabdir. Boshqacha aytganda, Uortonlik talabalar o’zlarining kichik hamjamiyatini tashkil etishib, bu holat, masalan, sen va do’stlaring menejment bo’yicha bir xil yakuniy imtihonlarga tayyorlanayotganingizda juda foydali bo’lishi mumkin. Shunga qaramasdan, Amerikaning boshqa biron joyida, hatto Garvardda ham raqobat hissi, raqobatning o’zi ham Uortondagi kabi avjiga chiqmaydi (ammo Garvardliklar bu haqda oxirigacha bahslashishga tayyor). Boshqacha bo’lishi mumkin ham emas. Bir paytlar GMAT bo’yicha o’rtacha 725 ball to’plagan, o’zlarining maktab, universitet, shahar va hattoki shtatlarida eng yaxshilardan bo’lgan 845 nafar kishi bu erda xuddi o’zlari kabi aqlli kishilardan ustunligini namoyish qila olishlari lozim.

Garvardda esa siz ko’pincha odatda vaqtingizni o’tkazadigan talabalar qolib, boshqalari bilan ta’lim olasiz (130 ta o’qitiladigan dastur bilan bunga hayron qolmasa ham bo’ladi). Bu erda talabalarning o’zlari tomonidan ta’sis etilgan klublar, ularga a’zo bo’lish uchun kimlardir hech nimadan tap tortmaydilar, istisnodir. Bu hayratlanarli holat emas, balki bulutsiz kelajakka olib boradigan to’g’ridan-to’g’ri chiptadir («Ijtimoiy tarmoq» filmida Garvard klublaridan biriga a’zo bo’lish uchun  Mark Tsukerberg nimalarga qo’l urmadi, deysiz).

Klublarga kelsak, Uorton o’zining hamjamiyati bilan ham mashhur bo’lib, Garvard son bilan olsa, Uorton mazmun bilan o’rin topadi. Uortondagi klublar talabalarning kasbdan avvalgi faoliyati bilan chuqur bog’liqdir. Misollardan biri Xitoyda biznes yuritish bo’yicha Uorton jamiyatidir.

Har qanday holatda ham  Garvardda raqobat unchalik ifodalanmagan, ta’lim esa nisbatan engil bo’lib, navbatdagi poygada g’olib kelish mahoratidan ko’ra o’z iqtidori va intellektual qobiliyatini ochishga rag’batlantiradi. Xo’sh, nimani afzal bilasiz? G’alabaga yo’naltirilgan iroda ruhinimi yoki o’z imkoniyatlarini ochiq va sekin-asta rivojlantirish va mukammallashtirishnimi? Endi buni o’zingiz hal qilasiz.

G’olib aniqlanmadi


Ta’lim

Bu ikki maktab o’rtasidagi eng sodda farq shundan iboratki, Uorton fakt va sonlarning biznes-maktabi bo’lsa, o’z navbatida Garvard ta’limga nisbatan amaliyroq bo’lgan ijtimoiy nuqtai nazarda yondashadi. Misol uchun, Garvarddagi dasturning asosiy tarkibiy qismi yutuqqa erishilgan holatlarni ko’rib chiqish, ya’ni eng muvaffaqiyatli va misli yo’q biznes-rejalarni batafsil tahlil qilishdir.

Garvarddagi ma’ruza xonalari

Uorton esa, boshqa tarafdan, aynan biznesning tuzilmasini, uning nazariyasi va biznesni yuritish bilan bog’liq barcha, jumladan, texnikaiy ko’nikmalarini ham tadqiq qiladi.


Uortondagi sinf xonalari

Shu bilan birga Garvard o’ziga xos FIELD dasturini taklif etadi, bu esa talabalarga stajirovka paytida Bostonda, omadlari chopsa, butun dunyoda ham har qanday biznes sohada va kompaniyada kuchlarini sinab ko’rish imkonini beradi. Uortonning ham bunga o’ziga yarasha javobi – Fidbek  deb nomlangan dasturi bor, uning vositasida talabalar uchun oyoqqa turgan tadbirkorlar bilan yakkama-yakka o’tkazgan vaqtlari mobaynida ularning tajribasi va xulqini egallash imkonini beradi.

Ushbu ko’zga ko’ringan ikki maktabning biznes ta’limi yo’nalishlarida biroz farq ham mavjud. Uorton moliyani o’rganish uchun oldi maktab hisoblansa, Garvard ko’proq konsaltingga yo’naltirilgan. Garvard talabalari moliyaga eng yaqin keladigan sohalar iqtisodiyot yoki statistika fakultetlaridir, ammo bu moliya sohasida Uorton taklif etishi mumkin imkoniyatga yaqin ham bormaydi. Siz moliya bozori to’g’risida Uortondagi kabi chuqur va har taraflama bilimlarni boshqa hech joyda ololmaysiz. Yuqorida aytilganidek, moliyani o’rganish masalasiga Uortonda mavjud barcha – ham texnikaviy, ham nazariy tomondan yondashiladi. Uortonda MBA dasturini o’tagandan so’ng siz o’z sohangizni ipidan ignasigacha o’rganib, unda o’zingizni suvdagi baliqdek bemalol his qilasiz.

G’olib: Uorton

Biru bir, do’stlar. Balki siz, «har bir o’quv yurti o’ziga xos» va boshdanoq «do’stlik engib chiqdi» qabilidagi ta’kidlarni kutgandirsiz. Xulosa qilishga shoshilmang. Keyingi toifada avvalgilaridek lutf-iltifot bo’lmaydi.


O’qishni yakunlagandan keyingi istiqbollar

Obro’

Amalda mamlakatning, balki dunyoning eng eksklyuziv va yopiq o’quv dargohi hisoblangan Garvardga nisbatan moliya bozorida Uortonning obro’-e’tibori biroz ustunroq ekanligi taajjubli tuyulishi mumkin. Bu hodisa Uorton biznes maktabi texnikaviy elementlar (kvantlar, dasturlash ko’nikmalari)ni bevosita moliyaga nisbatan tengsiz darajada qo’llashi bilan tushuntiriladi. Ikkinchi tarafdan, ish konsalting doiralari va boshqaruvga, biznes-aloqalarni yaratib, ushlab turishga borib etganda Garvard balandda parvoz qilib, unga boshqalardan ko’ra Stenford yaqin borishi mumkindir. Natijada, barcha ustunliklarni solishtirsak, ushbu toifa bo’yicha Garvard oldinga chiqadi.

 

Kelajak

O’z talabalari uchun porloq va ajoyib kelajakni ta’minlash uchun buncha katta miqdorda moliya va kuch-quvvat sarflovchi boshqa shunday ikki maktabni topishingiz gumon. Har qanday yirik MBA rekruter dastlab shu ikki kampusga tashrif buyuradi. Garvardliklar va Uortonliklarning 97 foizidan ko’prog’i universitetni bitirganidan so’ng uch oy o’tib ulgurmasdanoq nufuzli ishga ega bo’lishadi, ularning o’rtacha ish haqi $125,000 ni tashkil qiladi. Yomon emas-a, to’g’rimi? Nima bo’lganda ham, Uortonga solishtirganda Garvard ancha keng moliyaviy aloqalarga ega bo’lib, hattoki tarix fakultetining talabalari ham etarli miqdorda etakchilik sifatlariga ega bo’lsalar, konsalting sohasida stajirovka o’tashga umid qilishlari mumkin.

G’olib: Garvard


Bitiruvchilar tarmog’i

Dunyoda Garvardliklardan ham ta’sirli va baquvvat bitiruvchilar tarmog’i bor deb o’ylash uyoqda tursin, hatto taxmin ham qila olasizmi? Juda shubhali. Jahonning hech bir universitetidan Garvarddan chiqqandek ulkan sonda xalqaro korporatsiyalarning raislari, rahbarlari, prezidentlari va muvaffaqiyatli tadbirkorlar chiqishmaydi. Ko’zga ko’ringan Garvardliklar qatorida American Airlines, Anadarko Petroleum, Boeing, ConAgra Foods, CSX, Cummins Engine, General Electric, Hess, JP Morgan Chase, L.L. Bean, PPG Industries, Tata, Tenet Healthcare, Time Inc., Toys ’R’ Us, Liberty Media, Mastercard, Palm, Sony Pictures Entertainment va Vodafone Group kompaniyalarining bosh direktorlari, Nyu York meri Mayl Blumberg, Monreal meri Gerald Trembley, Djordj Bush, yana yillik ish haqi $130,000 dan oshadigan huquqshunos, shifokor, muhandis, IT mutaxassislari va moliyachilarning pirovard qismi joy olgan. Talabalarga bundan nima manfaat bor? Barchasi juda oddiy. Garvard bitiruvchilari tarmog’i nafaqat mavjud: Garvard – bu o’ziga xos dinastiya, oila, xonadon, shu sababli har bir bitiruvchi boshqasiga yordam berishga va yuqoriga ko’tarishga tayyor.

Albatta, Uorton Garvard bitiruvchilari tarmog’ining qudrati va kuchiga mos kelishni niyat qilmasa ham bo’ladi, ammo AQSHdagi birinchi biznes-maktabning tarmog’i mavjudlari ichidan eng miqyoslisi hisoblanadi, undagi vakillarning soni jahonning 140 ta mamlakatida 85 mingtaga etadi (Garvardlikar esa faqat 42 ming nafar kishidan iborat). Dunyoning istalgan nuqtasida Uorton talabalari o’tmishdoshlarining ko’magiga tayanishlari mumkin. Uorton bitiruvchilari o’rtasida «nufuzi kattalar»: CEO  British-American Tobacco, Estee Lauder, Hershey, Hewitt Associates, Medtronic, Omnicom Group, Royal Caribbean Cruise Lines, Northwest Airlines, Philips, Tiffany & Co., UPS, US Airways va Quaker Oats Co. Qalay, zo’rmi? Ammo…

G’olib: Garvard

Ha. Nihoyat, ushbu maktablarning har birida talabalariga taklif qila oladigan ko’plab ustunliklari mavjudligini tan olmog’imiz lozim. Ushbu poygada Garvard yutib chiqqan bo’lsa ham, dunyodagi minglab reytinglar bu maktablardan birining ikkinchisidan ustunligi borasida bir-biriga ziddir. Shu sabab sizga hujjat topshirishga haddingiz sig’ishi uchun dovyuraklik, zarur ballarni to’plash va tegishli CV hosil qilish uchun sabr va ushbu maktablardan hech bo’lmaganda birontasining talabalari ro’yxatidan joy olishingiz uchun mislsiz omad tilab qolamiz.