Vitse-rektor Imants Bergs Turiba Universiteti to’g’risida

Imants Bergs: «Turibada biz talabalarimizning ta’lim olishi, rivojlanishi va muvaffaqiyati uchun nimaiki zarur bo’lsa, barchasini muhayyo qilamiz.»

Turiba Universiteti haqli ravishda Latviyaning eng yaxshi oliy o’quv yurtlaridan biri  va «Turizmda boshqaruv» dasturi bo’yicha oldingi o’rinda hisoblanadi.

Bugungi kunda Riganing Turiba Universitetida kunduzgi bo’limida hamda almashuv bo’yicha dunyoning 35 ta mamlakatidan talabalar ta’lim olishmoqda. Universitet talabalarga nafaqat Evropa, balki AQSHda ham o’zini ko’rsatish va muvaffaqiyatga erishish imkoniyatini taqdim qigan holda ERASMUSQ dasturi bilan yaqindan hamkorlik yuritmoqda.

Bunga universitetning butun jamoasi va xususan, Xalqaro bo’limining birdamlikda ishlashi evaziga muvaffaqiyatga erishildi. Ushbu bo’limning boshlig’i, Turiba universitetining vitse-rektori janob Imants Bergs har doim rivojlanishga shay. O’quv jarayoniga foydasi tegadigan biron o’zgarishni kiritish imkoni bo’lsa, u albatta buni amalga oshirishni taklif etadi. Janob Bergs hurmatli o’quvchilarimizga bugungi universitet va kelajak rejalari to’g’risidagi qimmatli axborot taqdim etishga lutfan rozi bo’ldi. Shunday qilib, boshladik.


- Turiba Universitetida qachondan beri ishlab kelyapsiz?

- O’zimga juda ko’p yil o’tib ketganidek tuyuladi. Aslida esa 19 yildan beri, xolos. Ma’lumotim bo’yicha huquqshunos bo’lganim tufayli Turiba University dagi professional faoliyatimni Ijtimoiy huquq kafedrasida assistent lavozimidan boshlaganman. So’ng 2001 yilda Huquq kafedrasiga rahbar, 2003 yilda esa Yuridik fakultet dekani etib saylandim. 2006 yilda dasturlarni rivojlantirish va xalqaro munosabatlar bo’yicha Vitse-Rektor etib tayinlandim.

- Universitetning Vitse-rektori sifatida Sizning vazifalaringiz nimadan iborat?

- Mening ishim juda maroqli. Vazifalarim sirasiga universitet dasturlarini ishlab chiqish va hujjatlarni litsenziyalashga tayyorlash, xalqaro talabalar uchun dasturlar ishlab chiqish, EH va AQSH dagi sherik universitetlar bilan talaba va o’qituvchilar almashuvini tashkil qilishdir. Men dunyo bo’ylab ko’p sayohat qilaman, Turibaga o’qish uchun keladigan talabalarning mamlakatlariga tashrif buyuraman, turli davlatlardagi abiturientlar bilan muloqot qilaman, evropacha ta’lim to’g’risida so’zlab beraman.

- Turiba Universitetining shiori maftunkor: «Freedom, Susceptibility, Competence» - «Erkinlik, ta’sirchanlik, raqobat» va undan kelib chiqqan qisqa shior – «Step outside the box» - «Ramkadan chetga chiqish». 

- Ha, aynan shunday. Bunday shiorni tanlash bizga logotip g’oyasini berdi. Qisqa variantida bu kvadratdan chetga chiqayotgan «Tu» so’zidir. To’liq variantida ham shunday, «Turiba University» so’zlari ramkadan chetga chiqadi, ya’ni «out of the box». Latish tilida «Tu» so’zi «sen» deganidir, shunday qilib, biz talabalarimizga, SEN, talaba, o’z imkogniyatlaringni ochishing, kelajakka nazar solib, rejalaringni qurishing uchun biz bilim va imkoniyat taqdim etamiz, muvaffaqiyatga esa aynan SEN erishasan deymiz.

Turiba University – biznes-universitet bo’lgani sababli, biz har bir talabani mustaqil va tashabbuskor shaxs sifatida qabul qilamiz. Axir muvaffaqiyatli tadbirkor o’zi g’oyalarni hosil qiladi, moliyalashtirishni ham o’zi eplab, g’oyalarini ro’yobga chiqaradi.  Universitet sifatida biz imkoniyat taqdim etamiz. Agar SEN undan foydalana olsang, demak, olg’a borib, kelajakda rivoj topasan! Aksincha bo’lsa, biz hech kimni majbur qila olmaymiz, barchasi partadosh qo’shningga emas, senga bog’liq.

- Shu tushunchaga asoslangan holda, Turiba University da ta’lim berish falsafasi nimadan iborat?

- Nazarimizda, oliy o’quv yurtining vazifasi bolalarni materialni yodlashga emas, mustaqil fikrlashga, tahlil va harakatga, zamonaviy shart-sharoitlarga moslashishga o’rgatishdir. Ushbu g’oyani tushuntirib bersam. IPhone bunchalik qisqa muddatda nega o’ta ommalashib ketgani to’g’risida hech o’ylab ko’rganmisiz? Vaholanki, 2006 yildayoq o’sha davrda butun dunyoda dong’i ketgan Nokia shunga o’xshash telefonning mislini ishlab chiqqan edi. Ammo Nokia xaridorlar keskin burilishga – to’liq sensorli telefonga hali tayyor emas, degan qarorga keldi. Undan farqli ravishda, Apple kompaniyasi bir yil o’ttmasdan o’zining o’sha davr uchun aslo xos bo’lmagan telefonini chiqardi va yutib chiqdi. Bu dunyoda hamma narsa harakatda va o’zgarishdadir. Shu sababli ham Turiba University ning o’qitish falsafasi – nafaqat tanlangan yo’nalish bo’yicha muayyan hajmdagi bilimlarni berish, balki talabalarni ijodiy, biron qolipsiz, mustaqil fikrlashga, o’ylash va o’zinikiga erishishga o’rgatishdan iborat.

- Xalqaro talabalar uchun ingliz tilidagi qaysi dasturlar taqdim etiladi?

- Bugungi kunda bakalavrlar uchun beshta dastur taklif etilmoqda: Public Relations, Media and Journalism, Management of International Communication , Business Administration  va Tourism and Hospitality Management .

Magistrlar uchun – MBA  va Strategic Tourism Management .

Doktorantlar uchun to’rtta dastur: Law Science , Communication Management , Business Administration  va Management Science.

Bunda Turiba bitiruvchilari xalqaro diplomlarga ega bo’lishadi.


- Universitet keyingi yillarda qanday rivojlandi?

- Turibada biz, xalqaro talabalar uchun ingliz tilida ta’lim berish sohasida ilk yo’lni tortganmiz deb aytishimiz mumkin. Barchasi 2006 yilda boshlandi. Men Xalqaro bo’lim tuzilishining ibtidosida turgandim, oliy o’quv yurtini xalqaro talabalar orasida ommalashtirish mening vazifamga kirardi. Bu holat, o’shandan 11 yil ilgari universitetning boshqaruv kengashi tomonidan Turibani baynalmilal qilish to’g’risida qaror qabul qilingani bilan bog’liq edi. Taklif etilayotgan kurslarga ingliz tilidagi dasturlar qo’shildi. Dastlab xalqaro bo’limda bir o’zim ishlardim, dasturlarni rasmiylashtirish, litsenziyalar olish, dunyo bo’yicha safar qilib, ko’rgazmalarda universitetdan vakil bo’lish, kelishuvlar tuzish, hujjatlarni rasmiylashtirishga ko’maklashish zimmamdagi vazifam edi. Ammo 1,5 yil o’tgach, dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan talabalarning Turibaga yuksak qiziqishi tufayli Xalqaro bo’lim kengayib, bugun olti nafar xodim ishlamoqda. Aytish lozimki, bizdan so’ng Latviyaning ko’plab universitetlari «estafetani qabul qilib», ingliz tilidagi dasturlarni ocha boshladilar. Ammo biz ochgan so’qmoqdan ketish ular uchun oson tushdi. Raqobat esa har qanday holda ham ijobiy ahamiyatga ega. U bizni yanada rivojlanishga chorlaydi.

Xalqaro maqomni olgandan so’ng, unga mos bo’lish kerak! Turiba talabalarimizning qulay shart-sharoitlarda yashab, bilim olishiga katta miqdorda mablag’ sarflaydi. Biz o’qish xonalarini muntazam ta’mirlab turamiz. Xostelimiz («talabalar yotoqxonasi») narx va xizmat ko’rsatish sifatining nisbatini olganda talabalar uchun juda bop hisoblanadi. Bizda hatto Riganing boshqa universitetlarida ta’lim oladigan talabalar ham istiqomat qilishadi. O’tgan yozda biz xostelni katta ta’mirdan chiqardik. Shuningdek, sinf va ma’ruza xonalarining jihozlarini muntazam yangilab, kutubxona fondini to’ldirib boramiz.

- Universitet qay tariqa yuqori sifatli ta’lim darajasini saqlab turibdi?

- Bu har qanday universitetning ishidagi o’ta muhim band hisoblanadi.  Turiba University da barcha professorlar keng ish tajribasiga ega va materialni ingliz tilida to’g’ri ifodalay biladilar. Ular muntazam ravishda malaka oshirish kurslarini o’tab, Evropaning boshqa universitetlari bilan almashuv dasturlarida ishtirok etadilar. Bundan tashqari, biz muvaffaqiyatli biznes yuritayotgan mehmon ma’ruzachilarni ham taklif qilamiz, ular talabalar bilan ko’p narsani o’rtoqlashadilar. International Tourism and Hospitality Management dasturi  TedQual  da akkreditatsiyadan o’tganining o’ziyoq ko’p narsadan dalolat beradi. Ta’lim va akademik amaliyot sifati bo’yicha BMT qoshidagi UNWTO Xalqaro turizm tashkilotining yuqori talablariga javob beradigan dasturlarga shunday akkreditatsiya beriladi. Shu tariqa talabalarimiz xalqaro diplom oladilar.


- Turiba Universitetida grantlar tizimi juda rivoj topgani bizga ma’lum. Bu haqda batafsilroq so’zlab bersangiz.

- Albatta. Birinchidan, universitet barcha talabalar uchun yiliga taxminan 500 evroni tashkil etuvchi Turiba ning o’z stipendiyasiga topshirish imkoniyatini beradi. Tanlov konkurs asosida o’tkaziladi, bunda asosiy talab hech bir akademik qarzdorlikning bo’lmasligi va o’n balldan etti ball va undan ko’proq natijaga erishishdir. Bundan tashqari, eng ilg’or talabalarimiz uchun keyingi yil uchun ta’lim to’lovining 100%lik chegirmasi sifatidagi stipendiyani taklif qilamiz. Unga bakalavriatning ikkinchi kursidan topshirish mumkin.

- Adolatli talab. Unga talabalarni almashuv dasturida ham rioya qilinadimi?

- Ha, albatta. Agar talaba rivojlanishni istasa, bunga loyiqligini ko’rsatmog’i lozim. Almashuv dasturlari ham bundan istisno emas. Biz ikki xil variantni – qo’sh diplom dasturini (double degree) va talabalar almashuvini (exchange student) taklif qilamiz. Talabalarimiz bir semestrni yoki butun o’quv yilini Buyuk Britaniya, Finlyandiya, Frantsiya, Ispaniya, Shveytsariya, Turkiya va boshqa mamlakatlardagi sherik universitetlarda o’qish imkoniga ega bo’lishadi. Tanlov uchun 80 dan ortiq universitet bor. Bu ham chegara emas. Biz sherik universitetlar va mos ravishda mamlakatlar tarmog’ini kengaytirib bormoqdamiz. Talabalar bundan katta manfaat topadilar, yangi taassurotlarga ega bo’ladilar, dunyoqarashi kengayadi, kelajakda nafaqat do’st, balki biznesda sheriklik qilishi mumkin yangi tanish orttiradilar. Bu kabi ta’lim safarlari kelajakni belgilab olishga ham yordam beradi.

- Turiba University Erasmus-grant dasturlarida ishtirok etishi ham bizga ma’lum?

- Mutlaqo to’g’ri. Turibada ta’lim olish chog’ida talaba Erasmus stipendial dasturining mavjud uchta toifasidan biriga topshirish imkoni bor. Birinchi toifasi – talabalar almashuvi va qo’sh diplom uchun Erasmus stipendiyasi bo’lib, bunda talaba o’z dasturi bo’yicha bir semestrga yoki bir yilga sherik oliy o’quv yurtlarimizning biriga ta’lim olish uchun boradi va Erasmus stipendiyasini yutsa, u yashash uchun ketadigan xarajatlarning 80 dan 100% gacha qoplaydi. Maishiy talablar hammada har xil, kimdir bu erda tejab ham qolishi mumkin. Bunda talaba ta’lim uchun to’lovga bog’liq hech qanday qo’shimcha xarajat ko’tarmaydi. Ushbu dasturning yaqqol ustunligi akademik tajribadir, ya’ni o’qitishning o’z uslubiga ega boshqa mamlakatda ta’lim olish. Bu talaba uchun yangi shart-sharoitda o’zining moslashuv ko’nikmalarini tekshirish uchun yaxshi imkoniyatdir. Shuningdek, mustaqil yashash tajribasi ham katta yutuqdir: hech kim kuzatmagan sharoitda o’z turmushini obod qilish ko’nikmasi rivojlanadi, barcha mas’uliyatni o’z zimmasiga olish, xarajatlarni nazorat qilish, mas’uliyatliroq bo’lish zarurdir. Bundan tashqari talabalar yangi tanish orttiradilar, biz buni networking (netvorking) deb ataymiz, ya’ni tanishuvlar tarmog’ini kengaytiradi: yangi aloqalar, turli madaniyatlar bilan tanishuv, butun dunyo bo’yicha do’stlar.

- Rostdan ham, juda ajoyib! Bir yo’la dunyoni ko’rish imkoniyati ham bor ekan.

- Aynan shunday. Shu sababali maqsadga intilgan talaba Erasmus ning yana bir stipendial dasturi - amaliyotdan foydalanish imkoniyatini qo’ldan boy bermaydi. Biznes-universitetda biz talabalarni har doim ishda bo’lishga, universitetda ta’lim olish chog’idayoq akademik amaliyot paytida ko’nikmalarni egallashga o’rgatamiz. Odatda xorijlik talabalar uchun amaliyot uch oy davom etadi, chunki bunda vizani olish uchun hech qanday qo’shimcha harakatlar talab etilmaydi. Ammo talabaning o’zi vizani rasmiylashtirishga tayyor bo’lsa, uzoqroq muddat mobaynida ham amaliyotni o’tash mumkin.

Universitet sifatida biz talabalarimizni amaliyotga qabul qiladigan korxonalar bilan hamkorlik qilamiz. Asosan Turizm fakultetida, boshqa fakultetlarda ham, albatta. Ammo biz talabalarimizni amaliyotni o’zlari izlab topishlariga rag’batlantiramiz. Talabalarni amaliyotga «yuboramiz» deganda, tayinki, ularni «qutiga solib, jo’natish» nazarda tutilmaydi. Qutilar etmay qoladi-da. Biz imkoniyat taqdim etamiz, bolalar esa hujjat topshirib, mamlakat va kompaniyani o’zlari tanlashadi.

Bunchalik qatiqqo’llik nega zarur? Chunki bu kelajakda ish izlash istiqboliga mo’ljallangan a’lo tajriba orttirishdir. Talabalik chog’laridanoq, turli tashkilotlarga amaliyotga topshirib, yoshlar o’zlarini ehtimolli xodim sifatida tasavvur qilishga o’rganishadi – rezyume yozishadi, rag’batlantiruvchi xat tuzishadi, intervyudan o’tishadi. Bu chetdan o’ziga nazar tashlash, o’zligini tahlil qilish, ijobiy va salbiy jihatlarini bilib olish uchun a’lo imkondir. Asosiysi esa o’zini professional sifatida ifodalay bilishdir.

- Erasmus uchun qanday talablar mavjud? Ushbu grantni yutish murakkabmi?

- Aslo, faqat yaxshilab intilish lozim. Evropa hamjamiyati talablariga muvofiq, bakalavriat talabalari ushbu stipendiyaga birinchi kursni yakunlab, magistraturada esa birinchi kursning birinchi semestrida topshirishlari mumkin. Asosiy mezon – o’n balldan o’rtacha etti va ko’proq ball to’plashdir. Qo’shimcha ravishda esse yozish yoki intervyudan o’tish talab etiladi. Shunisi qiziq-ki, xalqaro talabalar ushbu dasturda mahalliyliklarga nisbatan ancha faol ishtirok etishadi. Yutib chiqishadi ham! Jumladan, O’zbekistonlik talabalar. Ularning qatorida Vladislav Yurovskiy, Baxodir Saidov , Anastasiya Bogdanova  va ko’plab boshqa talabalar bor. Azamatlar, berilgan imkoniyatdan foydalanib qolishdi.


- Uchinchi toifa to’g’risida nima deyishingiz mumkin?

- Buni «ikki taraflama almashuv» deb atashadi, faqat Evropa hamjamiyati chegaralari bilangina cheklanib qolinmaydi. Afsuski, bunda yashash uchun stipendiyalar yo’q, ammo ta’lim uchun ham qo’shimcha mablag’ to’lash kerak emas, ya’ni bu «tuition free programs». Ushbu dasturlarni AQSH, Xitoy, Hindiston, Meksika, MDH mamlakatlaridagi sherik oliy o’quv yurtlarimiz taklif etishadi, hududi juda keng. Asosiysi, talaba yangi bilimlarni egallashga intilishidir. Bu ro’yxatda AQSH yagona istisno bo’lib, u erda ta’lim har doim pullik va ushbu dastur bo’yicha bir semestrga 5000 AQSH dollariga teng, bu esa amerikaliklarning o’zi ta’lim uchun to’laydigan puldan ancha kamdir.

- Rostdan ham bo’lajak talabalar uchun katta imkoniyatlar bor ekan! Universitetning kelajak rejalari to’g’risida nima deya olasiz?

- Albatta, barchasini aytib bera olmayman. Umuman olganda, kelajakda sherik universitetlar va talabalar vakolatxonalarining hududlar bo’yicha tarmog’ini kengaytirmoqchimiz. Bu talabalarimiz uchun katta akademik va madaniy tajriba vazifasini o’taydi. Talabalar almashuvi dasturi bo’yicha Shimoliy va Janubiy Amerika universitetlari, shuningdek, Janubiy-sharqiy Osiyo universitetlari bilan ishlamoqchimiz.

- Yaqin orada O’zbekistonga safar qilishni reja qilyapsizmi?

- Ha, tayinli. Mana ko’p yillardan beri har yili O’zbekistonga kelaman, bo’lajak talabalar va ularning ota-onalari bilan shaxsan tanishaman. Ular nimani niyat qilishlari va nimalarni afzal topishlarini o’zlaridan bilib olaman, bu esa universitetni rivojlantirishga juda ko’maklashadi. Bu yil ham istisno bo’lmadi. 2017 yilning 2 aprel kuni men Toshkentda seminar va mahorat sinfini o’tkazaman. Fursatdan foydalanib, talabalarni va ularning ota-onalarini taklif etaman, muloqot qilamiz.

- Yakunda o’zbekistonlik bo’lajak abiturient va talabalarga o’zingizdan nima tilak bildirasiz?

- Hayotingizni o’z qo’lingizga oling. Kelajakda barcha narsa faqat o’zingizga bog’liq. Hayotingiz qanday bo’lishini istasangiz, aynan shunday qiling. Yaxshi yashamoqchi bo’lsangiz, mustaqil bo’ling va ko’proq mehnat qiling.

- Katta rahmat. Juda yaxshi tilak. Biz uchun vaqt topganingizdan minnatdormiz.

- Doim xursandman! Tez orada Toshkentda uchrashishga umid qilaman!