BUYUK BRITANIYA versus AQSH: Birini tanlaymiz – boshqasini rad qilamiz

Tanlangan mamlakatdagi ta’lim tizimi va chet el fuqarolarining ta’lim olishlariga tegishli qonun hujjatlari – tanishib chiqish va puxta “filtrlash” zarur bo’lgan birinchi vazifa

Jiddiy va unchalik jiddiy bo’lmagan cheksiz ikkilanishlar (dilemmalar) – hayotimizni harakatlantiruvchi kuch hisoblanadi. Ushbu ko’pincha charchatadigan “yoki – yoki”siz inson hayoti poyonsiz “sug’ur kuni”ga, non-stop rejimida odatiy shablonga faoliyatsiz taqlid qilishga aylangan bo’lardi. Har birimiz har kuni va har soatda tanlov muammosiga duch kelamiz.

Xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan birida o’qishni davom ettirish qarori hech qachon o’zi-o’zidan qabul qilinmaydi – ko’pincha bu shubha-gumonlar, ko’p sonli savollar, “ha” va “yo’q” puxta solishtirish orqali hal etiladi. “Ha” foydasiga yakuniy “hukm” esa mamlakat, o’quv muassasasi, fakultet va h.k. tanlovi bilan bog’liq boshqa savol belgilaridan zinhor xalos etmaydi. Zanjir cheksiz davom etadi. Ta’lim loyihasi – bu uik-endni rejalashtirish emas!

O’qish tili masalasi, odatda, muammo hisoblanmaydi. Albatta, ko’proq lingvogeografiyasi yer sharining katta qismini qamrab olgan til – universal the English language tanlanadi. Garchi, bugungi kunda Yevropa mamlakatlarining aksariyat oliy ta’lim muassasalarida ingliz tilidagi dasturlar nazarda tutilgan bo’lsada, Britaniya va AQSh so’zsiz ustuvor hisoblanadi.



Hur fikr megapolisi yoki o’tmish qo’riqxonasi? Xalqaro so’zlashuv tilining tarixiy vatani yoki yagona davlat tili mavjud bo’lmagan, ingliz tili esa, bu qanchalik mantiqqa zid bo’lmasin, faqat ayrim shtatlarda rasmiy bo’lgan davlat? Tanlov oson emas, biroq buni hozir va shu yerda amalga oshirish kerak. Zero, ertaga mavjud emas, tebranish esa faqat tebrangichga (mayatnikka) kechirimlidir.

Mamlakatni tanlashda shaxsiy mayllar ahamiyatini oshirib yuborish – bo’lg’usi talabalar tomonidan tez-tez yo’l qo’yiladigan xato. Kimnidir tarix jalb qiladi va faqat shu tufayli hamma joyda – eski shaharlar ko’chalarida, qadimgi qasrlar va qal’alar devorlarida ko’p asrlik madaniyat yashaydigan Britaniyaga afzallik beriladi. Boshqalarning yashash muhiti timsoli – har qanday hur fikrlik va chidamlilik, e’tiborlilikni namoyon qilish uchun ochiq megapolis hisoblanadi, bu okean ortiga ta’lim safari foydasiga asosiy dalilga aylanadi. Uchinchi toifa shaxslar iqlim sharoitlari, ularning fikricha, o’z mijozlariga ko’proq mos mamlakatga ustunlik beradilar. Maddoh (apologet) american way of life taxminan shunday fikrlaydi: “Tumanli Albion – bu tez-tez yomg’irlar, o’zgaruvchan ob-havo va cheksiz depressiya. Shtatlar esa bir necha iqlim zonalarini o’z ichiga oladi va men ko’proq didimga mos iqlim zonasini tanlashim mumkin”. Bir qarashda, asoslar juda ishonarli – yoshlar o’zlari tanlagan mamlakatda bir necha yil yashashlari kerak. Biroq bu sayyohlik safari emas, balki – TA’LIM SAFARI ekanligini yodga olsak, bunga o’xshash dalil-isbotlar puchga chiqadi! Siz Angliyaning gotik uslubidagi me’moriy durdonalaridan taassurotlar olish va Bruklin ko’prigi ustida selfiga tushish uchun safarga chiqmayapsiz. Bilim olish – jiddiy “narsa”, chet elda o’qish esa – ayniqsa mushkul. Taalluqli ravishda, o’qish mamlakatini tanlash masalasiga ham butun jiddiylik, mas’uliyat va matematik pragmatizm bilan yondashish kerak. Tanlangan mamlakatdagi ta’lim tizimi va chet el fuqarolarining ta’lim olishlariga tegishli qonun hujjatlari – tanishib chiqish va puxta “filtrlash” zarur bo’lgan birinchi vazifa hisoblanadi. Mashhur askiyachilardan biri aytganidek, ildizga qarash kerak. Biz esa yordam berishga urinib ko’ramiz.



KELAJAK QANCHAGA BAHOLANADI?

Britaniya oliy ta’lim muassasalarida o’qish narxi va AQSh universitetida o’qish uchun haq – taqqoslab bo’lmaydigan miqdorlar degan keng yoyilgan fikr mavjud. Go’yo Angliyada bilim olish ancha arzonroq va Amerika diplomining potentsial egasi tomonidan sarflanishi zarur bo’lgan juda katta mablag’lar bilan solishtirganda “arzimas puldek” tuyular emish. Aslo unday emas. Ehtimol, ushbu mashhur afsona asosini Amerikadagi Garvard kabi eng nufuzli oliy ta’lim muassasalarining narx siyosati tashkil etadi, mazkur universitetda bir yil o’qish uchun eng kamida $60000 sarflanadi.

Amalda, Britaniyada ham, AQShda ham ta’lim olish – qimmatbaho mamnuniyat, biroq har ikki holatda narx diapazonlari taxminan bir xil miqdorda. Qiyoslash uchun Britaniyadagi unchalik mashhur bo’lmagan Markaziy Lankashir Universiteti (UCLAN) va Los-Anjelesdagi o’xshash qisqartmali mashhur Kaliforniya Universiteti (UCLA). Dunyodagi eng yaxshi oliy ta’lim muassasalaridan biri – UCLAda o’qish narxi (yiliga $13200), uning barcha regaliya va “etakchiligi”ga qaramay, UCLANda o’qish narxi ($13000) bilan deyarli bir xil.

Nyu-York Ta’lim Instituti vakili Peggi Blyumental Amerika oliy ta’limining “qimmatligi” to’g’risida keng tarqalgan yanglish fikr va AQShda ta’lim xizmatlari uchun narxlar keng diapazonining bevosita aloqasini quyidagicha qayd etgan: “Amerika oliy ta’lim muassasalarida ta’lim xizmatlari uchun eng yuqori va eng past narxlar o’rtasidagi jiddiy farq ko’pincha ushbu masaladan bexabar havaskorlarni yanglish fikrlashga majbur qiladi. Buning oqibatida haddan tashqari yuqori narxlar to’g’risidagi tasavvurlar paydo bo’ladi. Aslida esa, AQShda Britaniya va Yevropaning boshqa oliy ta’lim muassasalaridagi narxlar bilan bemalol qiyoslana oladigan o’qish narxlariga ega universitetlar oz emas”.

AT THE STARTING

Oliy ta’lim muassasasida o’qishga tayyorgarligingizni tasdiqlovchi hujjatni olish Sizning ingliz tili amal qiladigan mamlakatda ta’lim olish to’g’risidagi orzu-g’oyalaringizni amalga oshirish uchun boshlang’ich nuqta bo’ladi. Amerikada – bu SAT sertifikati, Britaniyada – A-Levels sertifikati.

A-Levels malakaviy sertifikati maxsus imtihon topshirilgandan so’ng beriladi, maxsus imtihon yakunlari sinovdan o’tuvchining kelgusi taqdirini belgilaydi – yuqori baholash ballari Angliya va boshqa ayrim mamlakatlar yetakchi universitetlariga qabul qilinishni kafolatlaydi. Britaniya maktab o’quvchilari A-Levels imtihonlarini topshirishga bitiruv sinflarida tayyorgarlik ko’radilar, chet ellik abituriyentlar uchun maxsus tayyorgarlik dasturlari nazarda tutilgan: ikki yillik A-Levels dasturi eng optimal sifatida taqdim qilinadigan eng ommaviy hisoblanadi; uning alohida qobiliyatlilar uchun tezlashtirilgan varianti – bir yillik jadallashtirilgan kurs; va nihoyat, “qutqaruv doirasi” – chet elliklar uchun maxsus ishlab chiqilgan FOUNDATION dasturi. Ushbu dastur izoh talab qiladi, chunki FOUNDATION holatida “qutqaruvchi” vazifasi vaqtni tejash bilan cheklanadi (bir yildan kamroq), kafolatlar va sug’urtalash yuzasidan esa – mutlaqo bunday emas. Ushbu dastur ikkinchi darajali universitetlar uchun mo’ljallangan bo’lib, britaniyaliklar orasida o’ziga jiddiy munosabat bo’yicha ham maqtashga arzigulik emas.

Nazariy jihatdan tayyorgarlik dasturidan o’tmay ham A-Levels imtihonlarini topshirish mumkin, keldi-topshirdi-g’olib chiqdi, biroq britaniyalik abituriyentlar o’rtasida raqobat shunchalik ulkanki, yuqori o’zlashtiruvchanlik va mukammallikka yaqin til bilish darajasi ham muvaffaqiyatni kafolatlay olmaydi. Shu tufayli o’z imkoniyatlariga unchalik aldanib qolmaslik kerak – britaniyalik maktab o’quvchilari ham, ehtimol, yaroqlilik yuzasidan birinchi jiddiy tekshiruvga maqsadli tayyorgarlik ko’rgan holda, ikki yil mobaynida darsliklar ustida astoydil ishlaydilar. Shunday ekan, Siz juda aqlli bo’lsangiz ham, chamasi, o’zlashtirib olish 24 oylik A-Levels klassik kursini talab qiladigan dastlabki ma’lumotlardan boshlash kerak.

Britaniyaliklardan farqli ravishda, AQShning kamroq rasmiyatchi (pedant) aholisi oliy ta’lim muassasalariga kirishdan oldingi maxsus tayyorgarliklarni nazarda tutmagan, biroq buni ularning o’rniga bozor iqtisodiyotining o’zi amalga oshirgan. Amerikaliklarning o’z bolalari uchun “amerikacha orzu” ketidan quvib SAT testini qamrab olgan ehtiromi bozorda (va faqatgina Amerika bozorida emas) repetitorlardan ko’plab takliflarni va imtihonga guruh-guruh bo’lib tayyorgarlik ko’rish bo’yicha turli xil kurslarni yuzaga keltirdi.

A-Levels va SAT imtihonlarini solishtirishni yoqtiradilar. Internetdagi “ekspertlar” ba’zan A-Levels imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirish – Britaniya universitetiga kirishning 100% kafolati ekanligi to’g’risida yozadilar, ayni paytda esa Amerika SAT kafolatiga 25% ajratiladi xolos. Ushbu bayonotlar Amerika universitetlari tomonidan tavsiya xatlariga va abituriyentning ijtimoiy faolligiga katta ahamiyat berilishi bilan asoslanadi.

O’z tomonimizdan, sinov “harakatlari” bevosita ishtirokchilarining fikr-mulohazalarini, imtihondan o’tganlar yoki yiqilganlar sharhlarini puxta sinchiklab o’rganib chiqqanimizdan so’ng, Britaniya imtihoni AQSh imtihonidan murakkabroq ekanligini ishonch bilan qayd etishimiz mumkin. A-Levels matematik vazifalari, masalan, SAT imtihonining shunga o’xshash bo’limiga nisbatan ancha ko’proq materialni qamrab oladi. Bunda A-Levels imtihoniga bor-yo’g’i 90 daqiqa ajratiladi, ayni paytda SAT-vazifalarini hal qilish uchun esa to’rt soat belgilangan.

NIMAGA O’RGATISH VA QANDAY TA’LIM BERISH KERAK?

An’analarga astoydil amal qilish, o’z tarixiy o’tmishini alohida qabul qilish va turli xil yangiliklarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo’lish Britaniya hayotining ko’plab tomonlariga ijobiy ta’sir ko’rsatdi. Ta’lim sohasi ham bundan mustasno emas. Angliya oliy ta’lim muassasalari hozirga qadar “qanchalik kam bo’lsa, shunchalik samarali” klassik universitet tamoyiliga amal qilib keladi. Bunda bir nafar o’qituvchiga to’g’ri keladigan talabalar soni nazarda tutiladi. Britaniya oliy ta’lim muassasalarida seminarlar eng ko’pi bilan 20 kishidan iborat kichik guruhlarda o’tkaziladi.

AQSh universitetlari va kollejlarida seminarlarga emas, balki ma’ruzalarga ustunlik beriladi va ushbu ustuvorliklar bakalavr dasturining so’nggi semestrigacha o’zgarishsiz qoladi. Ma’ruzachini tinglash uchun ba’zan 300 nafargacha tinglovchi yig’iladi. Umuman, Amerika o’quv dasturi seminar mashg’ulotlari va talabalar bahs-munozaralari o’tkazilishini nazarda tutadi, biroq mashhur professorlar ushbu jarayonga juda kamdan-kam holatlarda qo’shiladilar va mazkur vazifalarni yosh, tajribasiz mutaxassislar zimmalariga yuklaydilar. Natijada, talabalar pedagog bilan bevosita jonli muloqot jarayonidagina o’zlashtirish mumkin bo’lgan noyob kasbiy tajribani to’liq olmaydilar – amaliy malakalar tizim tomonidan beixtiyor ikkinchi darajaga “surib qo’yiladi”. O’qituvchilar tarkibi, aksincha, yuzaga kelgan ta’lim modelidan faqat foyda ko’radilar: o’z ilmiy izlanishlari va tadqiqot ishlari uchun ko’proq vaqt orttirib qolinadi. Mantiqqa zid holat shundan iboratki, talabalar ushbu o’qituvchini, dunyoga mashhur olimni eng ko’pi bilan haftasiga bir marta, shunda ham liq to’lgan ma’ruza zallarida ko’radilar.


VAQT – PUL

Faraz qilaylik, ko’ngildagi sertifikatni olish ortda qoldi, Siz qabul komissiyasida tegishlicha taassurot uyg’otdingiz va o’z orzuingizdagi universitet talabalari safidan o’rin oldingiz. Biroq ko’tarinki kayfiyat holati tezda yangi zavqlanish bilan almashadi – yaqin kelajakda Siz istiqbolli diplom egasi bo’lishingiz va nufuzli oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisi yangi maqomiga ega bo’lishingiz kerak. Ushbu, hozircha mavhum, “ajoyib olis” manzilga yo’l juda aniq vaqt birliklari: soat, oy, yillar bilan ifodalanadi.  

CATS nizomlariga muvofiq, Britaniya ta’lim modeli asosini tashkil etgan kredit soatlar tizimida bakalavriatdagi akademik yil 120 ta kreditdan iborat bo’lib, bu 1200 shartli soatga tengdir. Britaniyaliklar talabaga akademik natija olish uchun kerakli vaqtni “shartli” deb ataydilar. O’quvchining barcha ishlari yig’indisi e’tiborga olinadi: ma’ruzalar, amaliy va seminar mashg’ulotlar, loyihalar ustida olib borilgan ishlar, material bilan mustaqil ishlash uchun ajratilgan soatlar va h.k. Britaniyaning a bachelor’s degree darajasi 3 yil mobaynida 360 ta kredit to’plagan tolibga beriladi. Bo’lg’usi tibbiy xodimlar, stomatologlar va ma’murlar universitet bag’rida 7 yil “ushlanib” qoladilar.

Amerika bakalavriatida o’qish davomiyligi – to’liq 4 yil. O’rni kelganda shuni ham qayd etish kerakki, kredit-soat modelining “vatani” aynan THE USA bo’lib, bu yerda u XIX asr oxirida ishlab chiqilgan edi. AQShda tasdiqlangan USCS (US CREDIT SYSTEM) tizimi 4 yil ichida talaba to’plashi kerak bo’lgan kreditlar umumiy sonini belgilaydi. Quyi chegara – 120 kredit soat (bakalavriat ta’lim dasturi bilan nazarda tutilgan qirqta fandan har biri uchun uchtadan).

O’TKAZISH QIYINCHILIKLARI

Bir fakultetdan boshqa fakultetga o’tkazish imkoniyatlari, bir oliy ta’lim muassasasini boshqasiga almashtirish shartlari va amaliy imkoniyatlari to’g’risidagi jonli bahs-munozaralar Internet-makonning eng ko’p ulushini egallaydi. Bu tushunarli: odamlar kasb tanlashda, o’z qobiliyatlari va moyilliklarini xolis baholashning umuman imkoni bo’lmaydigan bunday o’smirlik yoshida hayot odamga duch qiladigan tanlovda juda tez-tez yanglishadilar. Kasb olamida xabardorlik bilan bog’liq muammolar, eskirgan ma’lumotlar, u yoxud bu ixtisoslikning nufuzlik darajasini va uning istiqbollarini ortiqcha baholash – buning barchasi kasb tanlashning juda noaniqligini yuzaga keltiradi. Oqibatda, tez-tez xatoliklar va ruhiy noqulaylik – bu eng yaxshi holatda. Ayrim holatlarda “singan taqdir” xususida ham so’z yuritiladi.

Buyuk Britaniyada ushbu muammo alohida “bosh qotirishlar”siz hal qilinadi. Aniqrog’i – umuman hal qilinmaydi. Britaniya ta’limi shunday tuzilganki, o’smir o’rta maktabni bitirish davridayoq muayyan kasbga yo’naltirilgan bo’lishi kerak. O’qishga alohida yondashuv bolaga sal bo’lmasa chaqaloqligidan boshlab qo’llaniladi. Albatta, bunday vaziyatda talabani bir ixtisoslikdan boshqasiga o’tkazish, buning ustiga universitetlarni almashtirish nazarda tutilmagan va buning imkoniyati yo’q.

AQShda boshqacha. Amerikalik talaba ixtisoslik bo’yicha faqat ikkinchi kursda bir qarorga keladi, uni o’zgartirishni esa istalgan vaqtda amalga oshirishi mumkin. Bunda, bir kurs (yoki bir necha kurs) kichik kursga o’tishga to’g’ri keladi. Bundan tashqari, AQShda bir oliy ta’lim muassasasidan boshqasiga o’tkazishlarni nazarda tutadigan transfer tizimi juda rivojlangan va ommaviylashgan. Misol uchun nufuzli universitetlardan biriga kirolmay va majburan kichikroq reytingli oliy ta’lim muassasasi talabasi bo’lib, Siz keyingi yilda ortiqcha muammolarsiz o’zingiz istagan oliy ta’lim muassasasiga, albatta, yuqori o’zlashtiruvchanlik sharti bilan takroran kirish uchun da’vogarlik qilishingiz mumkin.


TIRIKCHILIK UCHUN ENG ZARUR EHTIYOJ

Aksariyat chet ellik talabalar bilim egallashni pul ishlab topish bilan birga olib borishni afzal ko’radilar, bu orqali xorijda o’qish uchun kattagina sarf-xarajatlar o’rnini qanday bo’lsa ham to’ldirishga urinadilar. Bundan tashqari, o’qish vaqtida ishlash – xorijdagi mehnat faoliyatining qimmatli tajribasi, rezyumedagi “galochka” va umuman – har qanday yoshlarga zarur bo’lgan kundalik mayda xarajatlari uchun pul.

Universitetda o’qish vaqtida menda ishlash imkoniyati bo’ladimi? Xorijiy oliy ta’lim muassasalari potentsial talabalaridan har ikkinchisi ushbu savolni o’ziga beradi. Buyuk Britaniya va AQSh talabalar “mehnat kodeksi”ning ayrim nozik farqlariga to’xtalib o’tamiz.

 Britaniya mehnat qonun hujjatlari chet ellik talabalarga birinchi kursdan kampus hududida ham, uning tashqarisida ham ishlash imkonini beradi.   

 O’qish vaqtida haftasiga eng ko’pi bilan 20 soat ishlashga ruxsat beriladi. Ushbu cheklanish ta’til vaqtiga tatbiq qilinmaydi, bu davrda talabalar to’liq 40 soat ishlashlari mumkin.

 Chet ellik talabalar Buyuk Britaniya hududida yakka tartibda tadbirkorlik faoliyatini yuritish huquqiga ega emas. 

AQShda chet el fuqarolarining yashashi bilan bog’liq masalalar Amerika chet elliklar ishlari tashkiloti – USCIS tomonidan tartibga solinadi. Ushbu tashkilotning o’zi o’quv yili vaqtida talabalarning ishga joylashish qoidalarini belgilaydi. Mazkur qoidalar chet elliklar uchun ham, fuqaro talabalar uchun ham bir xildir.

Amerikalik talabalarga, Britaniya oliy ta’lim muassasalari talabalari kabi haftasiga eng ko’pi bilan 20 soat ishlashga ruxsat berilgan.

 Britaniyadan farqli ravishda, AQShda birinchi kurs talabalarining mehnat faoliyati hududiy jihatdan cheklanadi – birinchi o’quv yili mobaynida talabalar faqat kampus doirasida ishlash huquqiga ega bo’ladi. Ayrim holatlarda o’quv muassasalari tomonidan taklif qilinadigan bo’sh ish o’rinlaridan foydalanish imkoniyati mavjud. Ushbu cheklanish, bir qarashda tuyulishi mumkin bo’lgan, unchalik sezilarli emas. Amerika kampuslari ko’pincha savdo tarmog’i bilan shoxoblangan, restoran majmuasi, ko’ngil ochadigan sektor va o’z mustaqil ma’muriyatiga ega mini-shaharlarni o’z ichiga oladi.     

 Ikkinchi o’quv yilidan boshlab talabalar USCISga universitet shaharchasidan tashqarida ishlashga ruxsat etish iltimosi bilan ariza berish imkoniyatiga ega bo’ladilar.

 AQShda alkogol iste’mol qilishga faqat 21 yoshga to’lgandan keyingina rasman ruxsat berilgan (qiyoslash uchun: Britaniyada – 18 yoshdan), shu tufayli ham ushbu yoshga to’lmagan talabalarga spirtli mahsulotlar sotiladigan korxonalarda ishlash taqiqlanadi. Kampuslar hududida joylashgan barlar ham bundan mustasno emas.

Agar ilgari britaniyalik Ish beruvchilar va talabalar hamma joyda qonunning rasmiy tomoniga rioya qilishni e’tiborsiz qoldirgan bo’lsalar, yaqindan buyon Qirollik hukumati mehnat qonun hujjatlari buzilishi ustidan nazoratni jiddiy kuchaytirdi. Eng avvalo, Ish beruvchilar katta jarimalar ko’rinishida javobgar bo’ladilar. Shu tufayli Siz qonunni chetlab faoliyat yuritmoqchi bo’lsangiz, umuman ish joyini topolmaysiz.

AQShda, aksincha, ishga yollovchi hech qanday javobgar bo’lmaydi va jazolanmaydi. Amerika qonunlari bilan aniq yozib qo’yilganki, ruxsat etilgan ish rejimiga rioya qilinishi ustidan nazorat talabaning bevosita vazifasi hisoblanadi. Misol uchun agar Sizga ruxsat etilgan 20 soatdan ko’proq ishlash taklif etilsa, bu zudlik bilan deportatsiya qilinishga va mamlakatga qayta kirish taqiqlab qo’yilishiga olib kelishini nazarda tuting.

 

SHOW MUST GO ON?

Uzoq kutilgan diplom qo’lingizda, ammo hech ketishni istamaysiz! Ko’ngil ziyofat davom ettirilishini so’raydi. Bir necha yil ichida mamlakat ikkinchi vatanga aylanib qoldimi, “ajnabiylar” esa o’z vatandoshlari kabi tushunarli bo’lib qoldimi yoki bilingvizm o’z cho’qqisiga yetdimi, xullas, Siz bir necha yildan buyon qachonlardir begona tilda o’ylab fikr yuritmoqdasiz. Ko’pincha hammasi juda oddiy: xorijga o’qishga kelganlar ko’pchiligi oldindan turli sabablar bo’yicha qolish maqsadida ushbu safarni rejalashtiradilar.

“Tumanli Albion” o’z ingliz-saksoniyaliklar dunyosiga kiritishni uncha xohlamaydi. Britaniya diplomini olgandan so’ng Siz agar vizani uzaytirish baxtiga erisholmasangiz, zudlik bilan kelgan joyingizga jo’nab ketishingiz kerak. Rasmiylashtirish ishlarini hal qilish uchun eng ko’pi bilan to’rt oy beriladi.

AQSh qonunlari bu jihatdan yumshoqroq bo’lib, maxsus yillik amaliyot dasturidan foydalanish imkoniyatini beradi. So’ngra lotereya boshlanadi. Agar o’z ishchanligingiz, kasbiy mahoratingiz va odatda rezyumeda ko’rsatiladigan boshqa e’tiborli fazilatlaringiz bilan Ish beruvchiga Sizga ishlash vizasini rasmiylashtirishga tayyor bo’ladigan darajada “yoqib qolsangiz” – demak MAQSADINGIZGA ERIShDINGIZ.