Yoqimli narsani foydali narsa bilan qanday muvofiqlashtirish kerak? Ta’til dasturlari xususida so’z yuritamiz

Har bir ota-ona farzandiga nafaqat qiziqarli sarguzasht va ajoyib dam olishni, balki har taraflama shaxsiy rivojlanishni ham ta’minlashni istaydi

“Men yozni qanday o’tkazdim?” – barchamiz ushbu jumlani maktabda o’qib yurgan davrimizdan, xuddi shunday sinf doskasiga chiroyli yozuv bilan qandaydir tantanavor ichiqoralik bilan insho mavzusini yozayotgan sinchkov o’qituvchini ham yaxshi eslaymiz. Go’yoki barcha chalasavod bolalar yozni o’yin-kulgi bilan o’tkazdilar – endi aqlni yig’ish payti keldi. Har bir o’quv yili shunday boshlanar edi, bugungi kunda ham manzara o’zgarmagan. “Hech narsa qilmaslik” rejimidan “oddiy ish kunlari”ga o’tishga hali ulgurmagan va hanuz yozgi ko’tarinki kayfiyat (eyforiya) holatidagi “baxtsiz” maktab o’quvchilari esa xo’rsinish bilan vazifalarni bajarishga kirishadilar.

O’shanda maktab o’quvchilarining insholari xilma-xillik bilan unchalik ajralib turmasdi. Shahar tashqarisidagi dala hovli, pioner lageridagi lineykalar va talabchan tarbiyalovchilar, dengizda oilaviy dam olish, omadi yurishgan a’lochilar uchun esa – o’quvchilarning eng yetakchi dam olish maskani – “Artek”.



Hozirda mutlaqo o’zgacha manzara. Yaqin o’tmishda oilaviy kengashda u yoxud bu yozgi dam olish rejasi tasdiqlanishida amal qilingan standart “istayman” va “imkoni yo’q” (ko’proq “istayman”, biroq “imkoni yo’q”) holatiga pragmatik “nima uchun?”, “nega?”, “foydasi nima?” va umuman “ovora bo’lishga arziydimi?” savollari qo’shildi.

Allaqachon yoddan ko’tarilgan pioner lagerlari o’rnini chet eldagi til maktablari va yozgi mavzuli lagerlar egalladi. “Qishloqqa buvining oldiga” ham o’z farzandini yuborish hozirda maqsadga muvofiq emasdek tuyuladi. Zamonaviy ota-onalar o’z farzandining yozgi dam olishini rejalashtirganda bolaga nafaqat qiziqarli sarguzasht va ajoyib dam olishni, balki har taraflama shaxsiy rivojlanishni, til malakalarini takomillashtirish va yangi tillarni o’zlashtirishni ham ta’minlashni va’da qiladigan ta’til dasturlarining ko’p sonli takliflariga, umuman, yoqimli narsani foydali narsa bilan muvofiqlashtirishning ko’klarga ko’tarib maqtalgan imkoniyatlariga tobora ko’proq e’tibor qaratmoqdalar.

Takliflar soni Internet uchun ham haddan tashqari ko’p. Bu esa iste’molchilik talabi ham “pinakka ketmaganligi”ni va muntazam ravishda o’sib borayotganligini anglatadi.

Nima uchun tobora ko’proq ota-onalar farzandlarini xorijiy yozgi lagerga yoki til maktabiga yuborishga qaror qilishmoqda? Keling, ko’rib chiqamiz. Biroq dastlab xorijda bolalar yozgi dam olishining ikki turi o’rtasidagi farq to’g’risida qisqacha so’z yuritamiz.


Mavzuli lager yoki til maktabi?

Ular o’rtasida jiddiy farq yo’q. Har ikki dastur chet tilni o’rganish yoxud takomillashtirishni nazarda tutadi. Bola tomonidan chet tilni o’zlashtirish jarayonining o’ziga yondashuvlar bir-biridan farq qiladi, turlicha urg’u beriladi.

Yozgi tilshunoslik (lingvistik) maktabda birinchi o’rinda – tilning odatdagi an’anaviy tushunchada o’rganish turadi: mustaqil ravishda ishlab chiqilgan metodika, o’quv materiallari, tekshiruv testlari, chet tilini o’qitishga ixtisoslashgan malakali pedagoglar. Haftasiga 10 soatdan 30 soatgacha o’zgarib turadigan jadallikka ega mashg’ulotlarda barcha til malakalari o’zlashtiriladi: og’zaki va yozma nutq, audio mashg’ulotlar, grammatik material va aniq talaffuz qilish.

Kunning ikkinchi yarmida va dam olish kunlari – bola tomonidan mustaqil ravishda rejalashtiriladigan dam olish vaqti. Tanlash uchun turli xil ijodiy va sport tadbirlari taklif qilinadi.

Ba’zan dastur xorijiy oliy ta’lim muassasalariga kirishni rejalashtirayotgan yuqori sinf o’quvchilari uchun tayyorlov kurslarini nazarda tutadi, bundan yoshroq bolalar uchun esa bunday maktabda bo’lishning o’zi – boarding schoolda hayotga a’lo darajada tayyorgarlik.

Mavzuli lagerlarda til muhitiga berilib (sho’ng’ib) ketish zamonaviy metodikasiga ustunlik beriladi. Bu yerda to’qqiz oy maktabda oddiy o’qish kunlari mobaynida jonga tekkan dars jadvallari, o’quv darsliklar va daftarlar yo’q – chet tili norasmiy jonli muloqot jarayonida o’zlashtiriladi. Xodimlar til sohiblari hisoblanadi, umuman bu yerga asosan yangi bolalar emas, balki ushbu yoki shunga o’xshash lagerda bir necha marta bo’lgan, tilni nisbatan yaxshi biladigan bolalar keladilar. Bundan tashqari, bu yerda ko’plab mahalliy maktab o’quvchilari dam oladi. Mazkur yozgi dastur maqsadi – bolani o’zaro fikr almashinuv (kommunikativ) jarayoniga jalb qilish, sport bilan shug’ullanishlar, bilim orttirish uchun mo’ljallangan ekskursiyalar, ko’ngil ochar tadbirlar erkin muhitida maksimal gapirtirishdan iborat. Amerika va Yevropadagi aksariyat lagerlar biror-bir yo’nalishli dasturlar – “plyus dasturlar”ni taklif qiladi. Masalan, tennis yoki basketbol maktablari, kino akademiyalar, dramatik to’garaklar va h.k.


Sizning tanlovingiz. 

Bolalarini qiziqarli ta’lim sayohatiga bir necha marta yuborgan xabardor odamlar maslahatlariga quloq tutishni tavsiya qilamiz. Optimal variant – har ikki dasturni kombinasiya qilish, bu orqali bolaga dastlab maktabda kerakli darajadagi zarur malakalarni o’zlashtirib olish, so’ngra esa lagerda amaliyotda o’z bilimlarini sinovdan o’tkazish va takomillashtirish imkoniyatini berishdan iborat.

Masalan, maktab o’quvchisi dastlab ingliz tili kursi o’tiladigan Xaverford (Pensilvaniya shtati)ga ikki haftaga boradi, so’ngra – ikki haftani san’at lageri (Nyu-York)da o’tkazadi.

Haverford College – AQShdagi eng nufuzli ta’lim muassasalaridan biri bo’lib, uning dasturiga 10 yoshdan 18 yoshgacha chet ellik maktab o’quvchilari uchun ingliz tili bo’yicha yozgi jadallashtirilgan kurs kiritilgan. O’quv jadvali har kuni olti soat ingliz tili darsini nazarda tutadi, ulardan to’rt soati grammatika va leksikani o’zlashtirish, ikki soati esa – topshirilgan mavzu (biznes, kino, kelgusi rejalar va h.k.) yuzasidan suhbatlashish uchun ajratiladi. Dasturga bevosita bolaning o’zi tomonidan tanlanadigan qo’shimcha mashg’ulotlar ham kiritilgan (futbol yoki golf, teatr yoki kino, fotosuratga olish, moda va dizayn – turlari juda ko’p).

Lake Art Camp art-lagerida ikki hafta mobaynida bola o’zini erkinroq his qiladi. Bu yerda maktab o’quvchilarining o’zlari o’quv til fanlarini nazarda tutmaydigan (ta’til kunlari axir!), balki sport va art-dasturlar mashg’ulotlari bilan cheklanuvchi shaxsiy jadval tuzadilar. Ro’yxat juda katta: videoart, kollaj, dizayn, fotokollaj, rassomlik, aktyorlik mahorati… + ot minish, suv polosi, sinxron suzish, motosport, serfing... ro’yxatning o’zi ko’p narsadan dalolat beradi!

Shunday qilib, o’ylab ko’rib, do’stlar bilan maslahatlashib, takliflar berilgan Internet-sahifalarga ko’z yugurtirib chiqib va ayrim tafsilotlarni farzandingiz bilan muhokama qilib, Siz ushbu jozibador yozgi sayohatni o’g’lingiz yoki qizingizga sovg’a qilishga moyil bo’lasiz. Biroq yakuniy qarorga kelishga nimadir xalaqit beradi. Siz asl pragmatik sifatida (bu esa asrimiz kasalligi) o’z xatti-harakatlaringiz tizimini faqat muayyan natijani mo’ljallab tuzishga odatlangansiz. Siz uchun eng muhimi yutqizib qo’ymaslik. Siz uchun foydalilik/foydasizlik masalasi har qanday vaziyatda juda muhimdir.


Shunday qilib, ushbu safar Sizning farzandingizga nima beradi?

Language immersion (til muhitiga berilib (sho’ng’ib) ketish) bugungi kunda ikkinchi (uchinchi, to’rtinchi...) tilni o’rganishning eng samarali usuli sifatida baholanadi. Bevosita vaziyatda (amaliy va o’quv mashg’ulotlaridan tashqari) til sohiblari bilan maishiy muomala qilish – ushbu usul amaliy samaradorligining majburiy shartlaridan biri hisoblanadi. Til maktablari va mavzuli lagerlarning har doim aksariyati til sohiblari bo’lgan xodimlari maktab o’quvchisini aeroportdan yashash joyigacha yetkazib kelishni ta’minlaydilar, pedagoglar va guruh rahbarlari bolaga mashg’ulotlarda va dam olishni tashkillashtirishda yordam beradilar – o’rganilayotgan til dastur ishtirokchisiga har doim va har joyda hamrohlik qiladi.

• Agar Siz farzandingizni chet eldagi maktab-pansionga joylashtirishni rejalashtirayotgan bo’lsangiz, unda til malakalari va ulardan erkin foydalanish mahorati bolaga boshqa tilda so’zlashiladigan yangi muhitga tez va qiyinchiliksiz moslashishida yordam beradi.

• Har qanday imtihonlar, ayniqsa, xorijiy oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari – har doim o’smir uchun yashirin, ammo yuzaga chiqishi mumkin bo’lgan (potensial) shikast yetkazuvchi vaziyat hisoblanadi. Ta’til dasturida ishtirok qilish bo’lg’usi abituriyentning o’zi haqidagi fikrini kuchaytiradi va o’ziga, o’z qobiliyatlari va imkoniyatlariga bo’lgan ishonchni oshiradi. Bundan tashqari, nufuzli oliy ta’lim muassasalariga o’qishga kirayotganlar o’rtasida doimiy kuchayib boruvchi raqobatchilik sharoitlarida nomzoddan faqat boshqalarga nisbatan ustunliklarga ega bo’lish talab qilinadi. Qabul komissiyasi uning til bilish darajasiga albatta e’tibor qaratadi va buni munosib baholaydi.

• Biz shohidi bo’layotgan iqtisodiyot va boshqa sohalar globallashuvi jarayonlari sharoitlarida chet tillarni bilish allaqachon hayotiy zaruratga aylangan. Tegishli tashkilotning bo’sh ish o’rniga nomzod qanchalik ko’proq tillarni bilsa, uning til bilish darajasi qanchalik yuqori bo’lsa, uning ishga joylashish imkoniyatlari shunchalik ko’proq bo’ladi.

• Muallif-ijodkor tilida kitob mutolaa qilish, film tomosha qilish yoki qo’shiq tinglash imkoniyati jahon madaniyati bilan tanishtiradi va dunyoqarashni kengaytiradi.

• Chet tillarni o’rganmasdan ko’pni ko’rgan tajribali sayohatchi bo’lish va dunyo kezish orzusini amalga oshirish mumkin emas. Qaysi bola buni orzu qilmagan?! Oddiy kundalik leksikaning so’zlashuv jumlalari (taom yoki ichimliklarni, jamoat transportini buyurtma qilish, yordam to’g’risida iltimos qilish va h.k.) boshqa tilda so’zlashiladigan muhitda hatto bir necha hafta bo’lgan bolaning faol til lug’ati (tezaurusi)dan uzoq vaqt joy oladi.

Dalil-asoslar keragidan ortiqcha topiladi. Yozgi ta’til dasturi tilshunoslik (lingvistik) malakalarni o’zlashtirish va takomillashtirishdan tashqari – sog’lom faol dam olish, vaqtni qiziqarli o’tkazish, butun dunyo bo’yicha do’stlar orttirish va mustaqil hayot tajribasini to’plash imkoniyati ekanligini ham e’tiborga oling.

Albatta, har kim ham farzandini chet mamlakatga yolg’iz yuborishga tayyor emas. Ba’zan o’g’il yoki qiz yarim soatga kechiksa, qo’ng’iroq qilmasa va qo’ng’iroqqa javob qaytarmasa, ota-ona shu zahoti o’zlarini qo’yarga joy topolmaydilar va bong urishni boshlaydilar. Bu bola yoshiga bog’liq emas – ota-ona shunday yaratilgan. Biroq ta’til davridagi til dasturlari buni ham nazarda tutadi. Deyarli har bir dastur “oilaviy dam olish” turiga ega bo’lib, bunda ota-onalar va bolalar mashg’ulotlarda bir vaqtda, biroq turli guruhlarda qatnashadilar. Oilaviy dasturlar Sizning xavotirlaringizni minimumga olib keladigan tarzda tuziladi: kattalar uchun guruhlar va bolalar uchun guruhlar, odatda, bir binoda joylashadi. Oila mashg’ulotlardan bo’sh vaqtni o’z xohish-istagiga ko’ra birgalikda o’tkazadi. Ayrim dasturlar uch yoshga to’lgan va undan katta yoshdagi bolalar uchun til o’rgatishni taklif qiladi. Kichkintoylar uchun darslar o’yin shaklida o’tkaziladi, yonida otasi yoki onasi ishtiroki esa materialning yaxshi o’zlashtirilishiga yordam beradi. Bunday dam olish bolalari kichik yoshdagi va chet elga safarni rejalashtirayotgan oilalar o’rtasida juda mashhur.

Agar Siz baribir ota-onalar ishtirokini nazarda tutmaydigan ta’til dasturlarining biridan foydalanishga va farzandingizni yoz mobaynida yolg’iz chet elga yuborishga qaror qilgan bo’lsangiz, maktab yoki lagerlarni tanlashda tavsiyalarimizga amal qiling.

Risolalar, reklama videoroliklari yoki Internet tomonidan taqdim qilinadigan yuzaki axborot bilan tezda tanishib chiqishdan osoni yo’q. Biroq, fikrimizga qo’shilsangiz kerak, voyaga yetmagan bolaning chet mamlakatga safari – hal qilishda vaqtni tejashga yo’l qo’yib bo’lmaydigan masala. Lager yoki maktabga borish, hammasini o’z ko’zi bilan ko’rish, direktor va xodimlar bilan bevosita gaplashib olish juda yaxshi variant bo’lardi. Afsuski, bunday axborot to’plash usulini ko’pchilik amalga oshirish imkoniga ega emas. Faqat o’z mamlakatingizdagi obro’li konsalting agentliklari vakillaridan maksimum ma’lumotlarni topishga urinish qoladi.

  • Konsultantga beriladigan taxminiy savollar ro’yxati:
  • • Dastur falsafasi qanday?
  • • Aynan ushbu dasturning ustunliklari nimada?
  • • Bolaning shaxs sifatida o’sishiga nima yordam beradi?
  • • Dasturning muvaffaqiyatli ekanligiga biror-bir tasdiq (mukofotlar, diplomlar, sertifikatlar) bormi?
  • • Nizoli vaziyatlar qanday hal etiladi? Bolalar tomonidan qoidalar buzilganda qanday choralar qo’llaniladi?
  • • Xodimlarning bolalar bilan ishlash tajribasi va o’rtacha yoshi qanday?
  • • O’qituvchilar/guruh rahbarlari va dam oluvchilarning miqdor nisbati qanday?
  • Siz tomondan tanlangan dastur bo’yicha chet elga farzandlarini yuborgan ota-onalar bilan, shuningdek bolaning o’zi bilan gaplashish umuman ortiqcha bo’lmaydi.
  • Batafsilroq bilib oling:
  • • Bola dasturda ishtirok qilgandan so’ng o’zgardimi? Agar o’zgargan bo’lsa, qanday?
  • • Olingan tajribaning qaytgandan so’ng bolaga foydasi tegdimi?
  • • Bolaga aynan nima yoqdi va yoqmadi?

Agar Siz shaxsan o’zingiz uchun taalluqli xulosa chiqargan bo’lsangiz, ushbu dasturga to’liq ishonish mumkinligiga va u Sizning farzandingiz qiziqishlariga javob berishiga qaror qilgan bo’lsangiz – o’zingizga dadil “Ha!” deb ayting. Bunday qaror o’g’lingiz yoki qizingizni baxtli qilishiga va faqat foyda keltirishiga ishonchingiz komil bo’lsin.