MBA tomon yo’lda: ushbu qal’ani ishg’ol qilish shunchalik qiyinmi?

MBA dasturi eng qisqa muddatlarda oliy va o’rta bo’g’in menejerlarini o’qitish namunasi (etaloni)ga aylanishga erishdi

MBA dasturiga kirishni, odatda, shunday asoslaydilar: o’z daromad darajasini oshirish, hayratda qoldiradigan xizmat yutuqlariga erishish, shaxsiy biznes rentabelligini oshirish... Ushbu barcha asoslarni bir narsa birlashtiradi: MBA timsolida inson hayotida ehtimoliy yoki yuz bergan barcha moliyaviy qiyinchiliklardan qutqaradigan vositani ko’radilar.

Amaliy boshqaruv magistri darajasini va ushbu darajani olish imkonini beradigan dasturni amerikaliklar o’tgan asrning boshlaridayoq o’ylab topishgan. “Ixtiro”dan ko’zlangan maqsad biznes ehtiyojlari uchun boshqarma xodimlarini tez va samarali tayyorlashdan iborat bo’lgan. MBA dasturi eng qisqa muddatlarda oliy va o’rta bo’g’in menejerlarini o’qitish namunasiga aylanishga erishdi. Gap shundaki, avval boshdan MBA-tizimi juda qattiq tanlov tizimiga amal qildi. Bugungi kunda dasturga hammani ham qabul qilavermaydilar. Biroq urinib ko’rish nafaqat kerak, balki zarur. Agar Siz kelgusida o’zingizni biznes sohasida muvaffaqiyatli va bilimli kasb mutaxassisi sifatida ko’rsangiz, barcha aqlga sig’adigan va sig’maydigan imkoniyatlarni ishga solishingiz kerak.


MBA yagona standarti mavjud emas, biroq kirish uchun kerakli taxminiy hujjatlar ro’yxatini tuzish mumkin:

Hujjatlar paketi:

1. to’ldirilgan anketa ko’rinishidagi ariza (application form);

2. rezyume;

3. transkript: diplom nusxasi va oliy ta’lim muassasalarida tinglangan kurslarning soat va baholash ballari qayd etilgan ro’yxati (tarjima qilingan va notarius tomonidan tasdiqlangan);

4. ro’yxatdan o’tkazish yig’imi to’langanligini tasdiqlovchi kvitansiya;

5. ish joyi yoki o’qishdan tavsiyanoma.

Nomzodga kirish uchun talablar ro’yxati biznes-maktab, uning darajasi va mamlakatga qarab o’zgarib turadi. Masalan, ko’pchilik fikricha, MBAga kirish uchun majburiy shartlardan biri da’vogarning rahbarlik ishida 2-3 yillik tajribasi hisoblanadi. Biroq bu faqat Yevropaning klassik biznes-maktablari uchun adolatli, Amerika maktablari esa har doim ham kasbiy tajriba bo’lishini talab qilmaydi.


Nomzodga talablar:

• istalgan soha bo’yicha oliy ma’lumot (bakalavr darajasi yetarli bo’ladi);

• esse yozish;

• TOEFL/IELTS testi bo’yicha yuqori natija;

• GMAT testi bo’yicha yuqori natija.

Mutlaq barcha maktablar bir necha esse yozishni talab qiladi. Esselar soni uchtadan sakkiztagacha o’zgarib turadi. Har bir alohida maktab o’z ustunliklariga, o’z qadriyat yo’nalishlariga ega. Siz tanlagan biznes-maktab to’g’risida foydalanish imkoni bo’lgan barcha axborotni diqqat-e’tibor bilan o’rganib chiqing. Ushbu ma’lumotlar Siz tomondan yoziladigan inshoni g’oyaviy-ma’noviy to’ldirish asosini tashkil qiladi.

Essening sifati va o’qimishliligi Siz yozish uchun sarflaydigan vaqtga bevosita bog’liqligini nazarda tuting. O’zingizdagi adabiy soxta iste’dod va ingliz tilini juda yaxshi egallashingiz tufayli bir o’tirishda ajoyib, raqobatbardosh matnlar yozishning uddasidan chiqaman deb umid qilmang. Ikki-uch haftaga mo’ljal qiling. Shaxsiy “Men”ni, o’z yutuqlarini va tanlangan ta’lim muassasasi o’quv konsepsiyasi bilan o’zaro nisbatda istiqbollarini anglash bir soat, hatto ikki soatdan ham ko’proq vaqt talab qiladi.

Ta’lim muassasalari har yili esse yozishning o’z mavzu yo’nalishlarini tasdiqlaydi. Ba’zan unchalik eskirmagan mavzular taklif qilinadi, biroq ko’pincha – muayyan standart to’plam mavzulari turli o’zgartirilgan ko’rinishlardan iborat bo’ladi:

• o’z yutuqlari va muvaffaqiyatlariga o’tmish nuqtai nazaridan (retrospektiv) qarash;

• Sizni MBA dasturini va aynan ushbu maktabni tanlashga undagan asoslarni bayon qilish;

• rejalar va ularni istiqbolda amalga oshirish bo’yicha nazarda tutilgan usullar to’g’risida hikoya qilish va h.k.

Komissiya a’zolarini Sizning yozma fikrlaringiz stilistik va grammatik “zohiriy yangiliklari” ko’p qiziqtirmaydi. Asosiysi – esse kompozisiyasining aniqligi va mantiqiy “to’g’rilanganligi”. Internet tarmoqlarida ushbu masala bo’yicha yetarlicha tavsiyalar berilgan, shu tufayli ushbu mavzu yuzasidan alohida to’xtalib o’tishning hech qanday ma’nosi yo’q.

Ko’pincha esse yozish MBA dasturi bo’yicha o’qishga nomzodni qabul qilish to’g’risida qaror chiqarishda natijalari muhim rol o’ynaydigan sinov sifatida taqdimot qilinadi. Ehtimol shunday bo’lishi ham mumkin. Biroq test sinovlari natijalari nazarda tutilgan o’tish ballgacha yetmay “pand” bergan taqdirda, Sizning “asaringiz” asosiy o’quvchiga yetib bormasligi ham mumkin, komissiya a’zolari esa Sizning o’zgacha qobiliyatingiz va boshqa “iste’dodlaringiz” to’g’risida hech qachon xabardor bo’lmaydilar. MBA dasturi bo’yicha o’qishga kiruvchilarga majburiy talablar qatorida ikkita test – TOEFL/IELTS va GMAT testlarini topshirish o’rin olgan.

Modomiki Siz ushbu materialni ko’rib chiqayotgan bo’lsangiz, chamasi til bilan bog’liq muammolarga ega emassiz va TOEFL qisqartmasini lotincha harflarning tushunarsiz ma’noli “murakkab ifoda” sifatida qabul qilmaysiz deb o’ylashga jur’at qilamiz. 

Ingliz tilini bilish darajasi yuzasidan imtihon sinovidan “yiqilish” mumkin emas. Mazkur imtihon bu ma’noda o’ziga xos yagona bo’lsa kerak. “Yomon” yoki “yaxshi” daraja bo’lmaydi – xuddi shunday aslida chet tilini mukammal egallagan shaxslar ham yo’q. Bilingvalar ham bundan mustasno emas.

Deyarli barcha oliy ta’lim muassasalari tomonidan albatta o’z talablariga dasturga kirish uchun kerakli ballar soni kiritiladi. Har bir maktab o’z minimumini tasdiqlaydi. Aslida Sizning dasturga kirishingizga to’sqinlik qilmaydigan minimum “yaxshi” natija hisoblanadi.

Ko’pchilik uchun GMAT testini topshirish muammoli bo’ladi. Ushbu test “buyuk” va “dahshatli” nomiga ega, bu unchalik o’rinli emas.

Graduate Management Admission Test – matematika va tahlil (analitik) yuzasidan qobiliyatni, shuningdek sinovdan o’tkazilayotgan nomzodning til malakalarini aniqlovchi ingliz tili bo’yicha test. Yevropa va Amerika oliy ta’lim muassasalarida iqtisodiy (yoki texnik) ixtisoslashuvli magistratura yoki aspiranturadagi o’ringa da’vogarlar, shuningdek eng yaxshi xorijiy biznes maktablarida o’z o’qishini davom ettirishni xohlovchi barcha nomzodlar GMAT test sinovlaridan o’tkaziladi.

GMAT testini “aqlli” test deb atashni yoqtiradilar. Ushbu testga bu “laqab” kompyuterga test topshiruvchi darajasiga moslashish imkonini yaratadigan alohida tajribaga asoslangan formati tufayli berilgan. Maxsus dastur Sizning har bir javobingizni tahlil qiladi va keyin qanday savol berilishini hal  etadi: agar Siz to’g’ri javob bergan bo’lsangiz, navbatdagi savol murakkabroq bo’ladi, taalluqli ravishda, to’g’ri yechim uchun ballar ham yuqoriroq bo’ladi; noto’g’ri javoblar navbatdagi vazifaning past murakkablik darajasini oldindan belgilaydi, demakki to’g’ri javob uchun past ball qo’yiladi. Agar savollarning murakkablik darajasi har bir “klik”dan so’ng yuqorilab borsa – Siz to’g’ri yo’ldan bormoqdasiz.

GMAT testini muvaffaqiyatli topshirish uchun iqtisodiyot va biznes sohalarida qandaydir maxsus chuqur bilimlarga ega bo’lish mutlaqo shart emas – test, eng avvalo, Sizning vazifalarni hal qilishda mantiqiy apparat resurslaridan foydalanish malakalaringizni, shuningdek axborotdan optimal foydalanish mahoratingizni baholaydi.


GMAT testi tuzilishi – topshiriqlarning to’rtta blokidan iborat bo’lib, ulardan har biri Sizning biznes-ta’lim olishga tayyorgarligingiz darajasini o’z ko’rsatkichlari bo’yicha baholaydi. Imtihonning umumiy davomiyligi – 3 soatu 30 daqiqa (og’zaki va matematika qismi uchun 75 daqiqadan, tahlil qilish va yozma ish uchun 30 daqiqadan beriladi) + har bir blokdan so’ng tanaffus uchun 10 daqiqadan beriladi.

1. Analytical Writing Assesement blokida (tanqidiy fikrlash va buni yozma ravishda ifodalash qobiliyatini baholaydi) imtihonning birinchi 30 daqiqasi sarflanadi. Test topshirayotganga dalil-asos taqdim etilib, uni tahlil qilish va o’z xulosalarini amaliy misollar bilan tasdiqlash talab qilinadi. Tekshiruvchilar – imtihon komissiyasining ekspertlari (stilistika va mantiqiy bayon qilish) va kompyuter dasturi (imlo, tinish belgilari va ko’chirmachilik).

2. Integrated Reasoning bloki (tahliliy qobiliyatlar) yaqinda qo’shilgan bo’lib, test o’tkazish umumiy natijasiga ta’sir ko’rsatmaydi. Yarim soat ichida 12 ta savolga javob berish kerak. Ko’rgazmali material (grafiklar, diagrammalar va jadvallar) va unga tegishli axborot taqdim etilib, test topshirayotgan uni tasdiqlashi yoki noto’g’riligini isbotlashi kerak.

3. Verbal bloki – matn bilan ishlash malakalarini baholaydi. Uchta bo’limdan iborat bo’lib, ularni bajarish uchun 75 daqiqa beriladi.

• Reading Comprehension – iqtisodiy mavzudagi bir necha matnlarni o’qish va savollarga javob berish;

• Critical Reasoning – matnlarni o’qish + o’z dalillarini “qo’shish” orqali asoslarni tasdiqlash yoki noto’g’riligini isbotlab berish;

• Sentence Correction – taqdim etilgan matnlardagi imlo va tinish belgilarini tekshirish.

4. Quantitative (matematik bloki) ikki turdagi vazifani hal qilish taklif etiladi: jabriy (algebraik) va arifmetik hisoblash + grafik ma’lumotlarni izohlab berish. Vazifalarni bajarish uchun 75 daqiqa beriladi.

Har bir blok alohida baholanadi. Maksimal umumiy ball – 800, minimal – 200.

GMAT imtihoniga muqobil sifatida GRE testi nisbatan yaqinda faol tatbiq qilina boshlandi. GMAT/GRE ko’rinishidagi imtihon sinovlari yuqori sifatli MBA-full time dasturlari uchun aktualdir. Ushbu ikki test o’rtasidagi farqlar to’g’risida navbatdagi maqolalarda batafsilroq bayon qilamiz.

O’qishga kirish yo’lidagi so’nggi qadamlar – qabul komissiyasi bilan yuzma-yuz (tet-a-tet) uchrashishdan iborat. Suhbatga tayyorlanayotgan shaxs uchun qandaydir aniq, amaliy maslahatlar berish murakkab va umuman foydasizdir. Modomiki, Sizni taklif etishgan bo’lsa – demak, Sizni ushbu maktabda o’qishga “munosib” deb hisoblashgan. Suhbatlashish jarayonida Siz to’g’ri kelasizmi yoki yo’qligi hal qilinadi. Shu tufayli imkon qadar o’zingizni foydaliroq “taklif etish”ga urinib ko’ring – PR-arsenalining barcha ma’lum usullari asqotadi.

MBA dasturiga kirish uchun da’vogarning alohida tayyorgarlik dasturi barcha tarkibiy qismlari to’plamining ob’ektiv tahlili shuni ko’rsatadiki, nomzodning taxminan 70% vaqti va harakatlari GMAT testiga tayyorgarlik uchun sarflanadi. Shu tufayli o’z muvaffaqiyatingizdan tejab qolishga urinmang va xalqaro ta’lim masalalariga ixtisoslashgan obro’li konsalting agentligiga murojaat qiling, ushbu agentlik Sizga hujjatlarni tayyorlashda, esse yozishda, o’quv markazini va GMAT imtihoniga tayyorgarlik bo’yicha kurslarni tanlashda yordam beradi. Sizning talablaringiz qanchalik yuqori bo’lsa – o’z bilim olishingizga munosabat ham shunchalik qat’iy bo’lishi kerak.