Montryoda 360° View: Glion Institute of Higher Education

Dunyodagi eng yaxshi turizm va brend sohasi menejerlari va boshqaruvchilari beshigi.

Mazkur material Shveysariya sifati va shokolad shinavandalari uchun mo‘ljallangan!)

Shokoladni eslatishdan boshlashimiz bejiz emas, axir bugungi kunda mazkur mahsulotning turli navlarini ishlab chiqaradigan kompaniyalar juda ko‘p, ammo shveysariyaliklar eng sifatli shokolad ishlab chiqarish bilan birga, uni mislsiz darajada ko‘p iste'mol qiladilar ham. Va mashhur brend (nafaqat shokolad) asoschilaridan biri Anri Nestle nomi u yoki bu jihatdan Shveysariyaning so‘lim go‘shalaridan biri bilan bog‘liq bo‘lib, aynan shu go‘sha haqida so‘zlab bermoqchimiz. Bundan tashqari, hikoyamizni bekorga Shveysariya sifatini eslatishdan boshlaganimiz yo‘q, chunki aynan shu shahar mehmonxona va turizm biznesi sohasida kasbiy ta'lim sifati bilan butun dunyoga dong taratgan. Tanishing - Glion instituti (Glion Institute of Higher Education)!

Bugungi kunda oliy ma'lumot berishni va'da qiladigan oliy o‘quv yurtlari ko‘plab topiladi, ammo Glion nafaqat va'da beradi, balki uning bitiruvchilari oliy ma'lumot olibgina qolmay, rahbar lavozimlarni ham egallashlarini amalda ham isbotlagan. Bu haqida ularning saytida o‘qishingiz mumkin. Keling, qimmatbaho vaqtingizni olmaylik-da tezda ularning ro‘yxatini ko‘zdan kechirib chiqaylik.

«Mehmonni ranjitib bo‘lmaydi …»

O‘zbeklar dunyoning eng mehmondo‘st xalqlaridan hisoblanadi, vatanimizning go‘zal manzillarini tomosha qilayotgan sayyohlardan so‘rang. Shveysariya xalqi ham shunday mehmondo‘st, biroq, ular bu bilan qoniqmadilar - buni yaxshi rivojlangan industriyaga aylantirdilar. Mana 50 yilki, Glion instituti bitiruvchilariga oliy o‘quv yurtining 1500 ta hamkoridan takliflar tushadi. Institutning  “mehmondo‘stlik” industriyasida keng tanilgan hamkorlari o‘z bizneslari uchun kerakli xodimlarni topish uchun har yili institutga tashrif buyuradilar.

Hayot - bu Glion instituti. Diplom - Qalb!

Glion - Oliy ta'lim muassasalari bo‘yicha komissiya hamda Yangi Angliya o‘rta va oliy ta'lim muassasalari birlashmasining akkreditatsiyasidan o‘tgan Shveysariyaning uchta oliy ta'lim muassasasidan biri. Ya'ni, agar boshqa ta'lim muassasasiga o‘tishni istasangiz, diplomingiz boshqa oliy o‘quv yurtlari tomonidan tan olinmasligi xususida xavotirlanmasangiz bo‘ladi. Yodingizdan chiqmasin, siz tanlagan oliy o‘quv yurti ham yuqorida tilga olingan tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan bo‘lishi kerak. 

Glion - Yevropaning «yuragi»

Bu oliy o‘quv yurti talabalariga omad kulib boqqan. Sababi - OO‘YU aynan shu mamlakat hududida joylashgan, ammo, bu yagona sabab emas. Shveysariyaning tabiat manzaralari o‘z yo‘liga, yana bir sabab - Yevropa bo‘ylab sayohat qilish imkoniyati. Sayohatga o‘z hisobingizdan, masalan guruhdoshlaringiz bilan, hamda amaliyot davrida ham chiqishingiz mumkin (bu haqida quyida so‘z boradi).

Kimdir uchib ketadi, kimdir uchib keladi

Mazkur oliy o‘quv yurtining yana bir afzal tomoni shundaki, Glionnni tamomlaganlarning 92 foizi  tez orada ishga joylashadi. Glion instituti bitiruvchilarining 60 foizidan ko‘pi ilg‘or tashkilot va mehmonxonalarning top-menejeri sifatida faoliyat yuritmoqda.

Talabalar ko‘pligi juda yaxshi

Agar hamma talabalarning qo‘liga marker va xarita berib, qaysi mamlakatdan kelganlarini belgilashni so‘rasangiz, xaritada ko‘plab “nuqtachalar” paydo bo‘ladi. Sababi ayon - ular turli o‘lkalardan, aniqroq bo‘lsak, dunyoning 90 dan ortiq davlatidan kelishgan.

Agar yuqorida aytilganlar tasavvuringizni jumbushga keltirgan bo‘lsa, sizni oliy o‘quv yurti haqidagi biroz “quruq”, ammo juda muhim faktlar bo‘limiga taklif qilamiz.

Mazkur oliy o‘quv yurtining bakalavrlik dasturi 2 yo‘nalishga ajratilgan: “Mehmonxona menejmenti” va “Hodisalar menejmenti, sport menejmenti va ko‘ngil ochish industriyasida menejment”. Shu yerda bir qiziq narsaga e'tibor qaratishimiz lozim: agar birinchi semestrdan keyin o‘zingizni “begona joyga tushib qolgandek” his qilsangiz (ta'lim yo‘nalishi nazarda tutilmoqda), u holda uni almashtirishingiz mumkin. Faqat beshinchi semestrdan keyingina o‘z mutaxassisligingizni tanlashingiz mumkin. Bakalavrlar dasturi 3,5 yilga mo‘ljallangan, bu davr mobaynida talabalar amaliy ta'lim oladilar, so‘ng amaliyot o‘taydilar va, albatta, tanlangan yo‘nalish bo‘yicha nazariyani o‘rganadilar.

Bundan tashqari, “Mehmonxona biznesini ma'muriy boshqarish” va “Mehmonxona menejmenti” yo‘nalishlari bo‘yicha ikkinchi oliy ma'lumotni olishni istaganlar uchun boshqa dasturlar ham bor.

Glion institutining magisterlik dasturlarida “Xalqaro mehmonxona menejmenti va mehmondo‘stlik sohasida menejment” yo‘nalishlarida ham, “Xalqaro mehmonxona biznesi va moliyaviy munosabatlar” yo‘nalishida ham tahsil olish mumkin.

Shveysariyada kasbiy ta'lim olishni istagan inson yana nimalarni bilishi kerak? Albatta, har bir talaba oliy o‘quv yurtiga kiradigan shartlarni. Demak, o‘qiymiz...

Oldiniga til bilishingiz kerak. Garchi Shveysariya turli tillar keng tarqalgan mamlakat hisoblansa-da, siz aynan ingliz tilini bilishingiz kerak (bu OO‘YU ma'muriyatining talabi). Bilish darajasi murakkab emas. Ingliz tilini bilish bo‘yicha testdan o‘tishingiz kerak, bu - IELTS. Bakalavrlar uchun kirish balli - 5.0, ikkinchi oliy ma'lumot uchun -5.5 va magistratura uchun - 6.0 ball.

PUL. “Ta'lim - bu kelajakka investitsiya” qabilidagi narsalarni yozish istagidan yiroqmiz. Glion instituti o‘zining barcha talabalari uchun ulkan imkoniyatlar (ovqatlanish va yashash ko‘zda tutilgan) taqdim etadi va bu “imkoniyatlarning” narxi siz tanlagan yo‘nalishga qarab farqlanadi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, Glion institutini tanlasangiz nafaqat Jeneva ko‘li yoki Alp tog‘larining go‘zal manzaralaridan bahramand bo‘lasiz, balki siz uchun porloq kasb istiqboli o‘z eshiklarini ochadi.