IELTS yoki TOEFL: bo‘lajak xalqaro talaba boshidagi kurash

Ingliz tili bo‘yicha test topshirish istagida yurganlar uchun xulosalar va maslahatlar.


«IELTS Amerika uchun?!»


Ha-ha, aynan shunday. IELTS  Amerika uchun, TOEFL esa Avstraliya va Kanada uchun. IELTS faqat Angliya uchun, TOEFL esa faqat AQSH uchun, degan stereotip allaqachon eskirdi. (Faqat Angliyaning oliy o‘quv yurtlariga kirish uchungina maxsus IELTS UKVI testini  topshirish kerak bo‘ladi).

Endi ikkita boshqa savol tug‘iladi - qaysi biri yaxshi? Qaysi birini topshirish osonroq? Bu savolga javobni har bir o‘quvchi o‘zi mustaqil topishiga to‘g‘ri keladi. Biz Sizga bu masalada yordam berishga harakat qilamiz.

Tarixga nazar

Bugun TOEFL va IELTS inglizzabon mamlakatlarda o‘qish uchun ingliz tili bo‘yicha bilimlarni tekshirishga mo‘ljallangan eng ommaviy standartlashtirilgan testlar hisoblanadi.

IELTS (International English Language Testing System - «Ingliz tilini testdan o‘tkazish xalqaro tizimi») testi 1980 yilda paydo bo‘lgan va 1960-yillarning o‘rtalaridan qo‘llanib kelingan English Proficiency Test Battery (EPTB) kompyuter testining o‘rnini egallagan. 1987 yilda test tuzilmasi va mazmuniga muhim o‘zgartirishlar kiritilgan. Keyinchalik akademik va umumiy maqsadlar uchun IELTS ajralib chiqdi. O‘zbekistonda IELTS topshirish markazlari Toshkent va Namanganda bor.

1962 yilda AQSHda ingliz tilini chet tili sifatida testdan o‘tkazish bo‘yicha milliy kengash tuzildi. U TOEFL (Test of English as a Foreign Language - «Ona tili bo‘lmagan ingliz tili bo‘yicha test») ishlab chiqishni va 1963-1964 yillarda joriy etishni tavsiya etdi. Bugungi kunga kelib test topshirishning uchta varianti bor: qog‘ozda (TOEFL pBT test), kompyuterda (cBT) va internetda (TOEFL iBT).

IELTS tuzilmasi

IELTS ingliz tili bo‘yicha bilimlarni 4 ta ko‘nikma bo‘yicha tekshiradi: o‘qish (Reading), eshitib tushunish (Listening), og‘zaki nutq (Speaking) va o‘z fikrini yozma ravishda bayon etish qobiliyati (Writing). E'tibor bering, IELTS  O‘zbekistonda og‘zaki nutq bo‘yicha test testning boshqa qismlari bilan bir kunda topshirilmaydi.

O‘qish

O‘qiganlaringizni qanchalik to‘g‘ri tushunasiz? IELTS quyidagicha tekshiradi. Darslik, gazeta yoki jurnaldan olingan 3 ta kichkina matn beriladi. Ularni o‘qib chiqqaningizdan so‘ng, quyidagi topshiriqlardan birini bajarishingiz kerak: abzatsga sarlavha tanlash, gaplarni matndagi so‘zlar bilan tugallash, jadvalni to‘ldirish, testga javob berish. Eng muhim qismi - True/False/Not Given savollar («Ha/Yo‘q/Matnda berilmagan»). Test tuzuvchilari va test topshiruvchilarning fikricha, bu savollar testning eng makkor qismi hisoblanadi.


Eshitib tushunish

Turli mavzularda 4 ta matnni eshitasiz: (1) kundalik dialog (masalan, ariza topshirish, biron ma'lumotni tushuntirish va h.k.); (2) ma'lumot beruvchi ma'ruza (masalan, dekan universitet qoidalarini tushuntiradi); (3) ta'lim muassasasidagi dialog; (4) ta'lim muassasasidagi leksiya. Topshiriqlar quyidagicha bo‘lishi mumkin: jadvalni to‘ldirish, suhbat bo‘yicha qisqa rezyume yozish, testga javob berish, ma'lumotni tasniflash va h.k.

Og‘zaki nutq

Ingliz tilida o‘z fikringizni qanchalik to‘g‘ri bayon eta olasiz? Tekshirish juda oson J Professional intervyuyer bo‘lgan til sohibi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot. IELTS testining bu qismi shartli ravishda 3 bosqichga bo‘lingan: (1) siz, qiziqishingiz, sevimli sport turingiz, ona shahringiz va hokazolar to‘g‘risida dialog; (2) mavzu va 3 ta savol ko‘rsatilgan kartochka olasiz va ularga qisqacha javob berishingiz kerak bo‘ladi (masalan, kundalik hayotingizdan biron mashg‘ulot haqida gapirib berish, kinoga, teatrga borish haqida hikoya va h.k.); (3) o‘sha kartochkadagi mavzu yuzasidan, ammo mavhum shaklda monolog tarzida fikr bildirish (Nima uchun odamlar kinoga borishni yaxshi ko‘radi? Sayohatlar odamlarning hayotiga qanday ta'sir qiladi? Va h.k.).

O‘z fikrini yozma ravishda bayon etish qobiliyati

Biron narsani ingliz tilida yozma ravishda aniq va tushunarli  bayon eta olasizmi? Bilimlaringizni 2 ta kichkina inshoda ko‘rsatish kerak. Birinchisining vazifasi - jadval yoki diagrammani tushuntirib berish (zarur ma'lumotni aiqlash va uni taqqoslash qobiliyati). Ikkinchisining vazifasi - ma'lum mavzu yuzasidan o‘z fikrini bildirish (masalan, “Ayollar ishlamasligi, balki uyda bola boqishi kerak”).

TOEFL tuzilmasi

TOEFL iBT qog‘oz va kompyuter testlarini deyarli to‘liq siqib chiqardi. Shuning uchun biz aynan uning tuzilmasi to‘g‘risida so‘zlab beramiz.

O‘qish

Universitet darajasidagi 4-6 ta kichkina matnni o‘qish va test savollariga javob berish kerak: mazmunini umumiy tushunish, tafsilotlarga e'tibor, matn uslubini tushunish va h.k.

Eshitib tushunish

Sizga 2-3 ta uzun dialog va 4-6 ta leksiya eshitish taklif etiladi, hammasi universitet yoki universitetga yaqin mavzular. Til sohiblari gapiradi, sleng va ko‘cha shovqini, o‘tib ketayotgan avto ovozi, ochilib-yopilayotgan eshik ovozi kabi tabiiy shovqin bo‘ladi.

Og‘zaki nutq

TOEFL iBT topshirayotganda savollarga javobingiz mikrofon orqali yozib olinadi va keyin tekshiriladi. Bu qismning barcha mavzulari deyarli doim universitet bilan bog‘liq. Topshiriqlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi: (1) hikoya yoki siz bilan bog‘liq (shahringiz, sevimli o‘qituvchingiz v h.k.) mavzudagi o‘y-fikrlar; (2) qisqa rezyume,  matn yoki dialog mavzusi yuzasidan sizning fikringiz; (3) dialogning qisqacha rezyumesi.

O‘z fikrini yozma ravishda bayon etish qobiliyati

Ma'lumotni yozma nutqda to‘g‘ri va birin-ketin ifodalash qobiliyatini TOEFL 2 ta esse yordamida tekshiradi: (1) umumiy mavzuda o‘z fikringizni bayon qilishingiz (masalan, evtanaziya tarafdorimisiz yoki yo‘qmi); (2) matn yoki ma'ruzani, ko‘pincha matnda baxsli vaziyat bo‘ladi, qisqacha bayon qilish, yozma topshiriqda suhbat ishtirokchilarining fikrini taqqoslashingiz kerak bo‘ladi.

O‘zingizga mosini qanday tanlash mumkin?

Sizga qaysi biri mos kelishini qanday bilish mumkin? Testlarning tuzilmasini tahlil qilib, shuni ko‘rish mumkinki, TOEFL va IELTS testlarining 5 ta muhim farqi bor. O‘zingiz uchun quyidagi savollarga javob berishga harakat qiling.

1. Britaniya so‘zlashadigan ingliz tilimi yoki Angliya so‘zlashadigan ingliz tilimi?

Britaniya so‘zlashadigan ingliz tili Angliya so‘zlashadigan ingliz tilidan uncha farq qilmasa-da, ko‘pchilik aytganidek, imloda, so‘zlarni tanlashva va urg‘ularda sezilarli farq bor. Masalan, testga (TOEFL) tayyorlanganda Amerika aksentiga o‘rgangandan keyin, test paytida Avstraliya aksentini eshitish Sizni kalovlatib qo‘yishi mumkin.

2. Jumlalar yozish yoki testga javob berish?

TOEFL testida Reading va Listening bo‘limlaridagi topshiriqni bajarish uchun test savollariga javob berishingiz kerak bo‘ladi. IELTS testida esa javobda matndagi yoki dialogdagi jumlalarni  so‘zma-so‘z yozishingizga to‘g‘ri keladi. Test savollarining yaqqol ustun tomoni shundaki, to‘g‘ri kelmaydigan variantlarni istisno etish mumkin, jumlalarni ko‘chirish esa - to‘g‘ri javobni matnda ko‘rish yoki dialogda eshitish imkoniyati. Tajribadan ayonki, muyyan fikrlash qobiliyatiga ega kishilar IELTS testida yaxshiroq natija ko‘rsatadilar, mavhum fikrlaydigan kishilar esa - TOEFL testida.

3. Oldindan bilish mumkinligi yoki har safar yangicha savollar?

Shak-shubhasiz, tuzilmadan kelib chiqiladigan bo‘lsa, IELTS testiga nisbatan TOEFL testi osonroq: TOEFL testida test savollariga urg‘u beriladi, IELTS testida - turli topshiriqlarda turli tipdagi savollar beriladi.

4.Inson yoki kompyuter bilan suhbat?

TOEFL testida savollarga javobni mikrofon orqali yozasiz, IELTS testida esa til sohibi bo‘lgan intervyuyer bilan yuzma-yuz suhbatlashasiz. Nutq mikrofonga yozilganda, sizni eshitayotgan odamni ko‘rmaysiz va javobingiz qanday qabul qilinayotganini bilmaysiz. Intervyuyer bilan suhbatlashganda, u doim nimalarnidir yozib olishi va ochiqdan-ochiq sizni baholayotgani sizni  chalg‘itishi mumkin.

5. Global yoki aniq fikrlash?

TOEFL testida javoblar tekshirilayotganda, og‘zaki va yozma qismlarda essening umumiy sifati, shu jumladan tanlangan so‘zlar, ma'lumotni yetkazishdagi mantiq, yozish uslubi va grammatika e'tiborga olinadi. IELTS testida siz yozgan esse har bir mezon bo‘yicha alohida baholanadi: grammatika, so‘zlarni tanlash, mantiq, gaplar bilan abzatslar o‘rtasidagi bog‘liqlik va o‘nlab boshqa mezonlar bo‘yicha. Boshqacha qilib aytganda, agar inshoni yaxshi yozadigan bo‘lsangizu, ammo ko‘p mayda grammatik xatolarga yo‘l qo‘ysangiz, TOEFL testida IELTS testiga qaraganda bahoingiz yuqori bo‘ladi. Boshqa tomondan, ingliz tili grammatikasini yaxshi bilaman deb hisoblasangiz va lug‘at boyligingiz katta bo‘lsa, ammo esse yozishni xush ko‘rmasangiz, IELTS testida yaxshiroq natija olishingiz osonroq bo‘ladi.


«Qaysi test  trendda?» Shak-shubhasid, ikkala test :) Bugungi kunda inglizzabon ta'lim muassasalarining ko‘pchiligi ikkala test natijalarini qabul qiladi. Biroq, siz tanlagan ta'lim muassasasida qaysi test afzal ko‘rilishini oldindan so‘rab bilgan ma'qul.

Xorijda o‘qishga qaror qilishning o‘zi mas'uliyatli va katta qadam. Maqsadingizga erishishingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz, «IELTS yoki TOEFL» degan savol qimmatli vaqtingizni olmasin :)