Pansion-maktab yoki Boarding School nima?

Maktab uchun g‘ayrioddiy nom va bola uchun yangi dunyo.



Taqdir taqozosi bilan Buyuk Britaniya o‘zining ko‘p yillik tarixi davomida yirik ichki to‘ntarilishlarni boshidan o‘tkazmagan. Britaniya Qirolligi doim har qanday o‘zgarishlarga (siyosiy, iqtisodiy, xalqaro, ijtimoiy) javoban tezlik bilan javob tayyorlashi va eng maqbul qaror qabul qilishi bilan ajralib turgan.  Turgan gapki, ushbu umumiy tavsiflarni ta'lim sohasiga ham tatbiq qilish mumkin. Bunday “moslashuvchanlik” ingliz xususiy maktablariga yuz yillar davomida to‘plangan tajribani zamonning har qanday talablariga to‘g‘ri moslashish  an'anasi bilan uyg‘unlashtirish imkonini berdi. Britaniya ta'lim tizimi “namunaviy” tizim sifatida tavsiflanadi va bu “almisoqdan qolgan” tavsif o‘rinli. Muvaffaqiyatli bitiruvchilarning reytinglari (doim yuqori) va ro‘yxatlari (ular cheksiz) fikrimiz dalilidir. Millionlar izzattalab ota-onalar farzandlari “jentlmenlar fabrikasi”ga kirishini orzu qiladilar. Ha, xususiy ingliz maktablarini aynan shunday ataydilar. Qirollik esa barqaror talabga barqaror taklif bilan javob beradi va Britaniya klassik ta'limi kabi  “bozorbop” tovar bilan muvaffaqiyatli savdo qiladi, o‘z diplomlari va sertifikatlarini barcha mamlakatlar va qit'alarga eksport qiladi.

«Pansion» so‘zining sinonimi hisoblangan «internat» so‘zi sobiq sovet davlatlari, Yevropa va AQSHda oraliq bir narsani eslatadi. (Albatta, har qanday qoidadan istisno bor, ammo bu instino shu qoidani yana bir bor tasdiqlaydi). Pansion prinsipi bo‘yicha tashkil etilgan o‘quv muassasalarida bola / o‘smir nafaqat bilim oladi, balki oilasidan uzoqda yashaydi ham va bunday muassasalarning ko‘pchiligi yoki yetim bolalar uchun, yoki jismoniy yoxud psixologik rivojlanishida muammolari bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan.

Faqat Albionda boarding schools tizimi mustahkam o‘rin egalladi va beqiyos ko‘lamda rivojlandi. Bundan tashqari, eng badavlat va nufuzli oilalarning farzandlari uchun Britaniya aynan shu tizimni tanladi.

Britaniyaning “yopiq maktablari” nafaqat ta'lim jarayonini, balki bolaning shaxs sifatida rivojlanishini ham ta'lim muassasi zimmasiga olishga intiladilar. Maqsad - e'tiqod va g‘oyalari zamonaviy Britaniya jamiyati prinsiplariga mos keladigan fuqaroni tarbiyalash.

Bunday yondashuv qadim o‘rta asrlarda shakllangan, u davrlarda jamoat (xususiy) maktablar bitta maqsadni ko‘zlagan - kelajakda jamoatchilik xizmatida karyera qilishni istaganlarga, ya'ni bo‘lajak davlat arbobi yoki ruhoniylarga  sifatli klassik ta'lim berish.

XIX asrdan boshlab ta'lim-tarbiya “doktrinasi”ga tuzatish kiritiladi: agar o‘rta asr jamoat  (xususiy) maktablari  o‘quvchilarning idrokini din orqali mustahkamlashga intilgan bo‘lsa, XIX asrga kelib pirovard maqsad  - “haqiqiy ingliz”,  diniy-siyosiy qarashlari mustahkam, axloqli, aqli teran va asl jentelmen dunyoqarashiga ega shaxsni tarbiyalash. Islohotlar tashabbuskori 1827 yilda Regbi maktabini ochgan doktor Tomas Arnold edi. Aynan u ilgari surgan g‘oya tufayli sport “fanlari” va yutuqlari Britaniya klassik ta'lim tizimining ajralmas qismiga aylangan, aynan Arnold sport yoshlarni tarbiyalashning  asosiy usullaridan biri ekanini birinchi bo‘lib belgilab bergan.

Pansion-maktab - o‘quvchilar doimiy yashaydigan maktab, bu yerda ular o‘quv yili davomida o‘qiydilar va yashaydilar. “Pansionerlar” (maktabda doim yashaydigan) va “kelib ketuvchi o‘quvchilar”ning (oilalari bilan yashaydilar va o‘quv kuni so‘ngida uylariga qaytadilar)  birgalikda ta'lim olishi iliq munosabatlar uchun qulay sharoit yaratadi.

Maktab-pansionlarning ko‘pchiligi aralash hisoblanadi, u yerda qiz bolalar va o‘g‘il bolalar birgalikda o‘qishadi (sinflar aralash, ammo yashash alohida). Shuningdek, faqat qiz bolalar yoki faqat o‘g‘il bolalar uchun mo‘ljallangan ko‘plab maktablar bor.

Pansionlarda britaniyalik o‘quvchilar ham, chet ellik o‘quvchilar ham o‘qiydi. Chet ellik o‘quvchilar uchun ingliz xususiy maktablari ayni muddao. Ko‘p yillar davomida taniqli Britaniya oilalarining farzandlari bilan birga Britaniya Qirolligining ko‘plab mustamlakalaridan kelgan badavlat merosxo‘rlar ham o‘qigan va yashagan.  Yuz yillar davomida “sayqal topgan” chet ellik bolalarni yangi muhitga moslashtirish  uslubi bugungi ingliz xususiy maktablarida ham muvaffaqiyat bilan qo‘llab kelinmoqda.

Bugungi kunda xususiy maktab-pansion - bu bir necha o‘quv korpuslari, turli-tuman ijod uylari, sport zallari, maydon va inshootlar, yashash uchun maxsus korpuslardan iborat zamonaviy infratulizmali majmua. Ko‘p hollarda, ingliz pansionlarida teatr san'ati bilan shug‘ullanish uchun alohida bino ko‘zda tutiladi. Shuningdek, umumiy suv havzasi, umummaktab oshxonasi va kafe, birinchi zarurat tovarlari sotiladigan magazin bor. Ayrim maktablar esa o‘z otxonasiga ham ega.

Zamonaviy Britaniya pansonat ta'limi tizimi nafaqat xususiy pansonlarni, balki internat tipidagi davlat maktablarini ham o‘z ichiga olgan. Turgan gapki, “byudjet” maktablari hatto nisbatan kamtar xususiy pansionlar bilan raqobatlasha olmaydi. Bu faqat boy xususiy internatlarniing  moliyalashtirish va moddiy ta'minotdagi ustunligi bilangina bog‘liq emas, albatta.

Moliyaviy mustaqillikdan tashqari, xususiy maktablar o‘z ta'lim startegiyalarini tanlashda ham mustaqillikka egalar. Ta'lim dasturlari ko‘rsatma ko‘rinishida “tepadan” beriladigan davlat maktablaridan farqli o‘laroq, mustaqil maktablar (Independent Schools - ular rasman shunday nomlanadi) o‘z ta'lim dasturlarini joyida ishlab chiqadilar.

Nufuzli xususiy maktablarda oddiy davlat maktablariga nisbatan ko‘proq fanlar o‘rgatiladi. Xususan, mashhur Itonda matematika va lotin tili, qadimgi tarix va informatika Kembrij universiteti darajasida o‘qitiladi. Taniqli Radli skul maktabining  maqsadlaridan biri - barcha bitiruvchilar axborot texnologiyalarini Kembrij talablari darajasida bilishlarini ta'minlash. Mashhur va boy Britaniya klassik adabiyoti kutubxonasi ham Radli hududida joylashgan. Talabalarni ov qilishga (inglizlarning milliy sport turi) o‘rgatish ham ko‘zda tutilgan  - maktab o‘z otxonasi va itxonasiga ega. Xerrou, Shotlandiyaning Gordonstoun, Vinchester kabi boshqa nufuzli pansionlarning moddiy ta'minoti ham “muhtashamlikda” boshqalarnikidan qolishmaydi.

Xususiy maktabning davlat maktabi oldidagi asosiy ustunligi - o‘quvchilar saralab olinishi, ya'ni eng iqtidorli, yorqin va uquvli yoshlargina o‘qishga qabul qilinadi. Masalan, nufuzli Radli boarding school maktabiga kirish (aniqrog‘i, kirish imkoniyatini qo‘lga kiritish) uchun 10 yil oldin, bola 3 yoshligida yozilish kerak (tug‘ilishi bilan yozilgan yana ham yaxshi bo‘ladi). Kutuvchilar ro‘yxati juda uzun, shuning uchun “kutish varag‘i” hech nimani kafolatlamaydi. Radli skul ma'muriyati na suhbat, na kirish imtihonlari o‘tkazadi, balki nomzodning tayyorgarlik darajasini bilish uchun uni “kuzatadi”, nomzodlar oldin o‘qigan maktablardan ma'lumot oladi. Agar nomzod sust bo‘lsa, u rad javobini oladi.

Agar talabgorning IQ darajasi u tanlagan ta'lim muassasasi standartlariga mos kelmasa, na dvoryanlik unvoni, na tanish-bilishlar, na pul nufuzli pansion eshiklarini ochib berolmaydi. Zamonaviy nufuzli maktab-pansion - pul hamma narsani hal qilmaydigan yagona joy bo‘lsa kerak, garchi pulga ko‘p narsa bog‘liq. Rossiyalik jurnalistning Radli skul o‘quv qismi mudiri Endryu Riks bilan suhbatidan bir parcha keltiramiz:

- Faraz qilaylik, ma'lum sabablarga ko‘ra o‘z farzandini Radliga 10 yil oldin yozdirib qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘lmagan Rossiya fuqarosi maktabingizga murojaat qildi. Demak, u kechga  qoldi, to‘g‘rimi? Ammo, u “ustidan” ko‘proq to‘lashga, masalan,  kollejga xomiylik qilishga  tayyor. Uni navbatdan tashqari qabul qilasizmi?

- Yo‘q, qabul qilmaymiz. Bizning kollejimiz bunday ishga qo‘l urmaydi. Mutlaqo mumkin emas.  Bunday ishga Britaniyaning boshqa taniqli xususiy maktablari ham qo‘l urmaydi.

Mashhur Iton ham o‘quvchilarni oldindan tuzilgan ro‘yxat asosida qabul qiladi. Ro‘yxatga yoki tug‘ilgan kunining ertasiga, yoki bola 10 yarim yoshga to‘lguncha yoziladilar. 11 yoshga to‘lganidan so‘ng o‘spirin (Iton - erkaklar kolleji) kolejga suhbat va iqtidorini aniqlash uchun taklif qilinadi. Bu suhbatdan muvaffaqiyatli “o‘tish” uchun bola maktab darsliklarini boshidan oxirigacha yod olishining o‘zi kamlik qiladi. Aql-zakovati bilan ajralib turmaydigan kishilarning xotirasi ayrim hollarda juda yaxshi bo‘ladi. Iton esa nostandart va ijodiy fikrlaydigan,  IQ darajasi yuqori o‘quvchilarni o‘qishga qabul qilishdan manfaatdor. Agar yosh nomzod shunday qobiliyatlarga ega bo‘lsa, ikki yildan keyin yakuniy testdan o‘tadi. Muvaffaqiyatli topshirilgan yakuniy test va oldingi maktab direktoridan ijobiy tavsifnoma unga Iton maktabi eshigini ochib beradi. Statistikaga ko‘ra, Itonning 250 ta bitiruvchisidan 250 tasi universitetga kiradi.

Biroq, Britaniya ta'lim tizimi kamtarroq pansionlarni ham taklif etadi. Ammo, kamtarroq degani, ularda o‘qitish darajasi yoki yashash sharoiti qulayligi yaramas degani emas. Masalan, uzoq tarixga ega, Londonda 1553 yilda asos solingan King Edward`s School maktabiga o‘qishga kirish uchun faqat ikkita imtihon topshirish kerak - ingliz tili va matematika. Buyuk Britaniyalik maktab o‘quvchilari qo‘shimcha ravishda IQ testini topshirishlari kerak, chet elliklardan esa bu talab etilmaydi. King Edward`s School o‘quvchilarining 25 foizi (qariyb 95 o‘quvchi) xayriya jamg‘armalari, shuningdek London byudjetidan ajratilgan mablag‘ hisobidan o‘qiydi. Bular og‘ir oilaviy ahvoli tufayli maktabga kelib qolgan bolalar. Ko‘pchilik chet elliklar (nafaqat ular) bu kabi “o‘rta” maktablardan nufuzliroq o‘rta ta'lim maktablariga kirish uchun oraliq bosqich sifatida foydalanadilar. Va ko‘pchilik buning uddasidan chiqadi.

Britaniya pansioni - dunyoning yetakchi universitetlariga o‘qishga kirishni istaganlar uchun a'lo start maydonchasi. O‘quvchilar soni ko‘p bo‘lmagan sinflar va individual ta'lim dasturlari ta'lim sifati va samaradorligiga ijobiy ta'sir qiladi. Bundan tashqari, keyinchalik do‘stona munosabatlarga aylanadigan yangi tanishuvlar esa kelajakda davomiy va unumli ishbilarmonlik hamkorligiga asos solishi mumkin.

Sevimli farzandini imkon qadar qanoti ostida ushlab turishga intiladigan ayrim ota-onalar ongining cheklanganligi (asosan, MDH davlatlarida) yaqqol narsalarni ko‘rish imkonini bermaydi: boarding school maktabida o‘qish va yashash, birinchi navbatda, mustaqillikka, o‘zini o‘zi evlashga, xatti-harakatlari uchun javobgar bo‘lishga, faqat o‘z prinsiplaridan kelib chiqib mustaqil qaror qabul qilishga, mustaqil fikrlashga  o‘rgatadi. Bu fazilatlarning barchasi  muqarrar ravishda har qanday faoliyat sohasida mutlaq muvaffaqiyatga erishishga olib keladi. Aynan Britaniyaning maktab-pansionlari yuz yillar davomida ko‘plab dunyo mamlakatlarining siyosiy va iqtisodiy elitasini shakllantirib kelgan. Siz haqiqatdan ham farzandingizning kelajagi uchun ko‘nglingiz to‘q bo‘lishini,  uni kelajakda maqsadga intiluvchan va muvaffaqiyatli, odobli va akl-zakovatli inson sifatida shakllanishini istasangiz, “jentlmenlar fabrikasi” aynan sizga kerak bo‘lgan ta'lim muassasasi.

Odatiy hayot tarzining keskin o‘zgarishi aksariyat hollarda qiyin kechadi. Bu ko‘proq bolaning hali mustahkam shakllanmagan ruhiyati bilan bog‘liq. 13-14 yosh maktabni o‘zgartirish va boshqa mamlakatga ko‘chib o‘tish uchun eng yaxshi davr. Bu yoshga kelib o‘smir ota uyiga unchalik bog‘lanmagan bo‘ladi, yangiliklarni oson qabul qiladi, demak boshqa tilda gaplashadigan madaniy muhitga moslashishi ham tezroq va ruhiy zarbalarsiz kechadi.

Bugungi kunda boarding school maktablarida 800 ming bola ta'lim olmoqda, Britaniyadagi xususiy maktablar soni esa 2400 tani tashkil etadi. 2400 - bu Britaniyadagi maktab o‘quvchilarining faqat 7 foizi, xolos, ya'ni dengizdan bir tomchi? Ammo, Britaniya talabalarining yarmi aynan shu tomchilardan shakllanadi. Ular o‘z avlodining intellektual elitasi degan nomga mutlaqo loyiqlar.