Avstraliya haqida 5 ta fakt

Avstraliya - go‘zal tabiatli qit'a-mamlakat. Uning yana qanday noyob jihatlari bor?

Chet elda o‘qish  - bu Siz talaba sifatida o‘zining noyob tabiati va an'analariga ega o‘zga mamlakatda uzoq muddat yashaysiz degani. Bugun biz Sizni butun bir qit'ani egallagan davlat - Avstraliyaning o‘ziga xos tomonlari bilan tanishtiramiz. Avvalambor aytish lozimki, Avstraliya bu tabiati go‘zal ulkan mamlakat. U yerda turli millat va elatlar yashaydi. Avstraliyaliklar hayot tarzida yerli xalq - aborigenlar madaniyati bilan ko‘chib kelgan (asosan, inglizzabon davlatlardan) xalqlarning an'analari uyg‘unlashib ketgan.

Avstraliya boshqa qit'alardan 65 million yil avval ajralib ketgan. Boshqa qit'alardan ajralib qolganligi tufayli bu yerda Yer sharining biron boshqa burchagida uchramaydigan hayvonot va nabotot dunyosi hosil bo‘lgan. Yexidna va o‘rdaktumshuq - noyob sut emizuvchilar, kenguru, koala va vombatlar - qopchiqli sut emizuvchilar, shuningdek Avstraliyaning eng mashhur daraxti bor - bu evkalipt. Endi, Avstraliya haqida umumiy tasavvurga ega bo‘lganingizdan keyin, Siz hali bilmaydigan narsalar haqida so‘z yuritamiz.

1-fakt. Parchalaydigan oqimlar

Birinchi fakt sifatida Avstraliyadagi eng katta xavflardan biri - parchalaydigan oqimlarni tilga olamiz. Avstraliya akulalari va meduzalari haqida ko‘plab qo‘rqinchli hikoyalarni eshitish mumkin. Ammo ularni haqiqiy xavf deyish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Haqiqiy xavf - parchalaydigan oqimlar. Umuman olganda, bunday oqim qirg‘oqning har qanday joyida hosil bo‘lishi mumkin. Odatda, ular qirg‘oqdan qarama-qarshi tomonga yo‘nalgan bo‘ladi. Avstraliya qirg‘oqlarida parchalaydigan oqimlar hosil bo‘ladigan joylar ko‘p. Qutqaruvchilar bu oqimlar haqida biladilar va xavfli joylarga belgi qo‘yadilar.

Sidney plyajlarida bayroqchalar oralig‘ida, ya'ni qutqaruvchilarning fikricha ayni paytda xavfsiz bo‘lgan joylarda cho‘milish ma'qul hisoblanadi. CHo‘milish joylarida albatta ko‘ngilli qutqaruvchilar navbatchilik qiladilar va cho‘milayotganlar xavfsiz hududdan chiqmasliklarini nazorat qilib turadilar. Agar ehtiyot bo‘lsangiz va belgilarga diqqat qilsangiz, parchalaydigan oqimlar sizga xavf solmaydi.

2-fakt. Yovvoyi quyonlar

Hayron bo‘lmang, ikkinchi fakt - bu yovvoyilashib ketgan quyonlar. 1859 yilda avstraliyalik yer egalaridan biri Tom Ostin “Bir necha quyonlarni yovvoyi tabiatga qo‘yib yuborish zarar yetkazmaydi va ovga qo‘shimcha ravishda go‘sht bilan ta'minlash imkonini beradi”, degan fikrni bildirdi. Baobro‘ jentelmenning fikrini eshitgan ko‘plab fermerlar ham shu ishni qildi. Atigi 10 yil o‘tib, quyonlar shunchalik ko‘payib ketdiki, har yili ikki million quyonni qirish (otish yoki qopqon yordamida) quyonlar populyatsiyasiga hech qanday sezilarli ta'sir qilmadi. Quyonlarning tarqalishi tirik jonzotlar tarixida sut emizuvchilarning eng tez tarqalishi sifatida qayd etildi.

Gap shundaki, Avstraliya sharoiti quyonlar populyatsiyasi keskin ko‘payishi uchun a'lo sharoitga ega ekan.  Qish iliq bo‘lishi tufayli quyonlar yil o‘n ikki oy ko‘paydi. Pastqam butalar ko‘karib turadigan tekisliklar ham quyonlar uchun juda qulay sharoit yaratdi. Boz ustiga Avstraliyada quyonlarning tabiiy dushmani yo‘q ekan. Oqibat ayanchli bo‘lib chiqdi. Quyonlar mahalliy hayvonot olami vakillari oziqlanadigan o‘simliklarni yeb tashladi. Quyonlarning aybi bilan Avstraliya mahalliy hayvonlarning ko‘pchilik turlarini yo‘qotdi.

Quyonlar ekspansiyasi bilan kurashish uchun kutilmagan choralar ko‘rildi. 1907 yilda G‘arbiy Avstraliya shtatida taxta, metall va simdan yasalgan 1833 kilometrli ulkan devor tortildi. Yuz yillik barrikadaning katta qismi hozirgacha saqlanib qolgan. Uning rasmiy nomi - “Quyonlardan himoyalanish uchun 1-sonli devor”.  U uchta darajaga ega va umumiy uzunligi 3256 kilometrni tashkil etadi.

Agar quyonlarni yaxshi ko‘rsangiz, ularning ko‘pligi sizning hayotingizga hech qanday ta'sir qilmaydi. Hukumat va maxsus xizmatlar vaziyatni nazorat qilish uchun barcha choralarni ko‘rmoqdalar.

3-fakt. Yil bo‘yi quyosh charaqlab turadi

Uchinchi fakt sifatida aytishimiz lozimki, butun Avstraliya hududida yil davomida quyosh charaqlab turadi va bu imkon qadar kiyimlarni yechib quyosh nurida toblanish istagini uyg‘otadi. Ammo, hech kimga bunday qilish tavsiya etilmaydi, chunki Avstraliya shimolda subekvotarial, janubda subtropik kengliklar oralig‘idan o‘rin olgan va faqat Tasmaniya oroli mo‘'tadil mintaqada joylashgan. Shunday georgrafik joylashuv tufayli qit'aning iqlimiga ta'sir qiladigan asosiy omillardan biri - bu yuqori umumiy quyosh radiatsiyasi bo‘lib, shimoli-g‘arbda sm2  maydonga 140 k/kalga yetadi. Shuning uchun Avstraliyada bosh kiyim kiyib yuradilar va mehmonlarga ham shuni tavsiya etadilar.

4-fakt. Ozon teshigi

Keyingi fakt - Avstraliyadagi qurg‘oqchilikka sabab bo‘ladigan Ozon teshigi.

Olimlarning fikricha,  Antarktika tepasidagi Ozon teshigi ko‘p jihatdan Avstraliyada qurqog‘chilikka sabab bo‘lmoqda. Shunday qilib, Nyu-Yorkning Kolumbiya universiteti tadqiqotchilari teshik shamol kuchi va yo‘nalishiga va buning oqibati o‘laroq yog‘ingarchiliklarning taqsimlanishiga ta'sir qilishini aniqladilar.

“Science” (inglizchada “Fan”) jurnalida chop etilgan maqolada tadqiqotchilar qayd etishlaricha, bunday vaziyat butun janubiy yarim sharda kuzatilsa-da, “teshik effekti” Avstraliyada ayniqsa kuchli sezilar ekan. Mamlakatning ko‘plab hududlarida qurg‘oqchilik bir necha yildan beri davom etmoqda. Ko‘plab fermerlar kasotga uchradilar. Shaharlar hokimiyatlari esa byudjet mablag‘larini suvni sho‘rsizlantirish zavodlari qurishga sarflashga majbur bo‘lmoqdalar.

Shu munosabat bilan, o‘quv muassasasini tanlayotganda u qit'aning qaysi hududida joylashganiga e'tibor berish kerak. Quvonarli joyi shuki, ko‘pchilik o‘quv muassasalari qurg‘oqchilik va oziq-ovqat muammolari bo‘lmagan katta shaharlarda joylashgan.

5-fakt. Chap tomonlama harakat

Beshinchi fakt shuki, Avtstraliyada yo‘l harakati o‘ng tomondagi rul bilan boshqariladi, ya'ni avtomobillar chap tomonlama harakatlanadi. Bu Britaniya mustamlakachilaridan meros qolgan. Nima uchun chap tomonlama harakat yuzaga kelganiga Albion aholisi juda chiroyli ta'rif beradi. Unga ko‘ra, o‘rta asrlarda Angliyada ritsarlar qarshidan kelayotgan ritsar bilan qo‘l berishib ko‘rishish yoki u bilan jang qilish qulay bo‘lishi uchun ko‘chaning chap tarafidan yurishni xush ko‘rgan ekanlar.

Nima bo‘lganda ham chap tomonlama harakat avstraliyaliklar uchun odatga aylangan. Shuning uchun Avstraliyada yashash va o‘qishni istasangiz, xalqaro haydovchilik guvohnomasi olish to‘g‘risida o‘ylab ko‘ring.

Avstraliya - butun dunyo talabalari uchun jozibali mamlakat. Agar Avstraliyada o‘qishni oldingizga maqsad qilgan va shu maqsad sari intilayotgan bo‘lsangiz, umid qilamizki, ushbu maqola yangi mamlakatga o‘rganishingizda Sizga yordam beradi.