A-Level nima va nima uchun kerak?

A-Level sekin-asta butun dunyoga tarqaldi va bugunga kelib, Buyuk Britaniya oliy o‘quv yurtlaridan tashqari, A-Levels natijalari AQSHning 500 ta oliy o‘quv yurti va dunyoning yana 40 ta mamlakatida tan olingan.

Britaniya ta'limi - bu mashhurlikda Big-Ben yoki har qadamda: tish schyotkalari va popuklardan tortib choyshab va ustki kiyimlarda uchratish mumkin bo‘lgan Britaniya bayrog‘idan qolishmaydigan bir “brend”. Statistika bunga yorqin dalil bo‘la oladi - xalqaro ta'lim tarafdorlari qatoriga qo‘shilishni istaganlarning 85 foizi ko‘hna Angliyani tanlaydi.


Ajablanarli joyi yo‘q - Angliya diplomining obro‘si baland. Nufuzli kompaniya, davlat amaldori yoki, ana boring, muhtasham mehmonxona ma'muriyatiga Iton sertifikatini yoki Oksford diplomini ko‘rsatishning o‘zi kifoya - muvaffaqiyat va o‘zgacha munosabat kafolatlanadi. Ammo, ushalmaydigan orzularga berilish shart emas. “Buyuk Maorif Imperiyasida” bilim olganingizning har qanday hujjatlashtirilgan tasdiqi - muvaffaqiyat va porloq kelajak garovidir. Balki ko‘p asrlik tarix o‘z ta'sirini ko‘rsatar - qadim tarix o‘zgacha ehtiromga sabab bo‘ladi. Birichni grammar school VII asrda ochilgan, XII asrga kelibgina Rim Papasi barcha benediktchilar monastirlari zimmasiga katoliklar dargohida xayriya maktablari ochish vazifasini yuklagan. U paytlardan beri ko‘p narsa o‘zgardi. Britaniya ta'lim tizimining mashhur “an'anaviyligi”ga qaramay, uni ibtidoiy deyishga til bormaydi - Birlashgan Qirollikda ta'lim tizimi barcha zamonaviy standartlarga javob beradi, “an'analar” va “yangiliklar” uyg‘unligi esa boshqa mamlakatlar uchun andoza bo‘lib xizmat qiladi.

Bugungi kunda Buyuk Britaniya ta'lim tizimi qat'iy sifat standartlariga bo‘ysundirilgan, o‘rta ma'lumot esa  5 dan 16 yoshgacha bo‘lgan barcha fuqarolar uchun majburiydir.

Umummilliy Qirollik maktab dasturi 4 ta bosqichdan iborat: yakuniy bosqich - 14 dan 16 yoshgacha bo‘lgan davr. O‘quvchilar 16 yoshga to‘lib, 11 sinfni tamomlaganidan so‘ng majburiy ta'lim tugatilganligi haqida sertifikat olish uchun imtihonlar topshiridilar. Bu imtihonlarga britaniyaliklar 2 yil  davomida maxsus GCSE (General Certificate of Secondary Education) dasturi bo‘yicha tayyorlanadi. GCSE imtihoniga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida 2 ta fan (ingliz tili va matematika) majburan hamda potensial talabaning xohishiga ko‘ra 4-6 ta fan ixtiyoriy o‘rganiladi.

Shunday qilib, o‘rta ta'limning yakuniy bosqichida o‘quvchi hayotiy muhim qaror qabul qiladi: maktabdan ketib non topish yoki o‘z aql-zakovatini orzudagi universitet shahodatnomasi bilan mustahkamlash uchun ilm-fan cho‘qqilarini zabt etish. A-Level maxsus dasturi aynan ushbu  ancha murakkab ikkinchi yo‘lni tanlaganlar uchun ishlab chiqilgan. Birinchi qarashda savol tug‘iladi: kimga kerak shuncha murakkabliklar? Biznikidek oson yo‘ldan borsa bo‘lmaydimi? Boshni qotirmasdan, bir amallab yetuklik shahodatnomasini olish va istalgan oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirish. Balki omad kulib boqar! Ammo, aynan shu to‘siqlar butun dunyoga mashhur Britaniya klassik ta'limining insoniyat xavas qiladigan sifatini belgilab beradi. Biroq, bu boshqa mavzu. Biz esa A-Level imtihoni o‘zi nima va nima uchun kerakligini aniqlab olaylik.

Ma'lum darajada A-Level imtihonini Rossiya ziyolilari xush ko‘rmaydigan Yagona Davlat imtihonlari bilan solishtirish mumkin (shuningdek, Fransiyada  DELF-DALF va Germaniyada TestDaF imtihonlariga ham o‘xshatish mumkin). Ammo, agar Rossiyada YADI bitiruv imtihonlari topshirishning boshqa barcha shakllarini faqat 2000-yillarning oxiriga kelib siqib chiqargan bo‘lsa, Buyuk Britaniyada imtihonlarni standartlashtirish muammosini ancha oldin - 80-yillarning boshidan 2000-yillargacha bo‘lgan davr oralig‘ida hal etganlar. A-Level sekin-asta butun dunyoga tarqaldi va bugunga kelib, Buyuk Britaniya oliy o‘quv yurtlaridan tashqari,  A-Levels natijalari AQSHning 500 ta oliy o‘quv yurti va dunyoning yana 40 ta mamlakatida tan olingan. Chet ellik talabalarga keladigan bo‘lsak, ular uchun A-Level - sertifikatini olishning uchta varianti bor: xorijda A-Level dasturi bo‘yicha o‘qish (asosiy kurslar aksariyat Buyuk Britaniyada o‘tkaziladi), on-layn kursga yozilish yoki dastur bo‘yicha o‘z mamlakatingizda o‘qish, albatta, agar mamlakatingizda akkreditatsiyadan o‘tgan maxsus markazlar bor bo‘lsa.

A-Level dasturini ko‘pincha “oltin standart” deb ataydilar, chunki aynan shu dastur universitetga kirishga eng yaxshi darajada tayyorlaydi, A-Level dasturini topshirishda olingan yuqori baholar  esa eng nufuzli oliy o‘quv yurtlariga kirishni kafolatlaydi.

Tizim nomidagi birinchi «A» harfi «advanced» («takomillashgan») degani bo‘lib, uni fanlarni chuqur o‘rganish deb talqin qilish mumkin.

A-Level tuzilmasi 45 ta fanni o‘z ichiga olgan va har bir talaba o‘rganish uchun shulardan 3-6 tasini tanlab oladi. Ya'ni, talabalar boshidanoq tor mutaxassislikni egallashni mo‘ljal qiladilar va bu mutaxassislik doirasidagi fanlarni keyinchalik oliy o‘quv yurtida chuqurroq o‘rganadilar. Bu biz uchun odatiy bo‘lgan ta'lim tizimi yondashuvlaridan tubdan farq qiladi. Bizda maktab o‘quvchilari yuqori sinflarda ularga deyarli kerak bo‘lmagan fanlarni o‘rganishni davom ettiradilar, bitiruv oqshomidan keyin bir necha yil o‘tib hammasini unutadilar.

Fanlarni tanlashga alohida e'tibor berish kerak - ular bo‘lajak universitetdagi ixtisoslikka mos bo‘lishi lozim. Taklif etiladigan fanlar ro‘yxatiga quyidagilar kiradi: matematika, oliy matematika, fizika, kimyo, biologiya, iqtisod, ingliz adabiyoti, siyosat, psixologiya va boshqalar.

Qizig‘i shundaki, sobiq sovet respublikalaridan borgan ayrim talabalar vazifani osonlashtirish uchun fanlardan biri sifatida rus tilini (ro‘yxatda u ham bor) tanlaydilar. Turgan gapki, Angliyada rus tili chuqur o‘rganilmaydi, buning hisobiga umumiy o‘qish yuki yengillashadi.

A-Level akademik dasturi - ikki yillik bo‘lib, haftasiga 20-25 soat mashg‘ulotlar o‘tkazilishi nazarda tutilgan. 1-o‘qish yili tugab, imtihonlar muvaffaqiyatli topshirilganidan so‘ng, talaba AS-Level darajasini, ikki yildan keyin esa AS-Level darajasini oladi. Butun dastur o‘tilganidan so‘ng talabalar A-Level diplomini oladilar. Har bir fan bo‘yicha ball beriladi. Baholar tizimi - A-B-C-D-E, bunda A - eng yuqori ball, Ye - eng past ball. A-Level diplomi va olingan ballar shunchaki muhim bo‘libgina qolmay, balki oliy o‘quv yurtlari talabalarning hujjatlarini o‘rganayotganda asosiy mezon hisoblanadi.

Ta'kiblab o‘tamiz, biladigan kishilar tayyorlov dasturlaridan birini o‘tashni, shundan keyingina A-Levelga borishni tavsiya etadilar. Bu murakkab yo‘lni bosib o‘tgan odamning shu yo‘l boshida turganlarga maslahati sifatida Oksford bitiruvchilaridan birining so‘zlarini keltiramiz:

 «O‘ylaymanki, eng ma'quli 9-sinfdan keyin ketish. Albatta mashg‘ulotlar boshida, yoki hech bo‘lmasa qishda Pre-A-Level yoki OPAL tayyorlov kurslarini olish kerak. Albatta yaxshi kollejni tanlang. Bu juda muhim. A-Levelda 4 ta fanni tanlang. Agar qaysi birinidir eplamasangiz, uni boshqa fanga almashtirishni o‘ylab ko‘rish mumkin. Hammaga matematikani olishni tavsiya etaman. O‘qishga kirayotganda Britaniyada nafaqat texnik, balki barcha mutaxassisliklarda ham matematikani juda qadrlashadi. Albatta, o‘qishga kirishga urinib ko‘ring. Ajab emas omadingiz kelsa!”.