MBA dasturlari akkreditatsiya nimaligini bilim olamiz

Ko‘pincha MBA dasturini tanlash masalasiga duch kelamiz, ammo bu dasturlar shunchalik yaxshimi?

MBA dasturining akkreditatsiyasi nimani anglatadi?

Dasturlar akkreditatsiyasi - bu universitet tomonidan ta'lim sifati yuqori bo‘lishining kafolatlatlanishi. Talab etiladigan akkreditatsiyani qo‘lga kiritish uchun universitet ta'lim jarayoniga qo‘yiladigan talablarga muvofiqlik yuzasidan ko‘plab tekshiruvlardan o‘tishi lozim bo‘ladi.

Universitet o‘zining ta'lim dasturlarini har bir muayyan mamlakatda belgilangan me'yor va qoidalar bo‘yicha milliy tizimda akkreditatsiyadan o‘tkazishi yoki ta'lim sohasidagi xalqaro standartlarga javob beradigan xalqaro akkreditatsiyani olishi mumkin. Xususan, tibbiyot, turli texnologiyalar va boshqa sohalarda akkreditatsiya o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

MBA akkreditatsiyasi hozirgi vaqtda eng dolzarb hisoblanadi va xorijda o‘qishni istaydigan, dastur tanlashda xato qilmaslik uchun mazkur akkreditatsiya bo‘yicha imkon qadar to‘liq ma'lumot olishni istaydigan bor o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Akkreditatsiyadan qanday o‘tiladi

Akkreditatsiya bo‘yicha komissiya, odatda, universitetlarning dekanlaridan iborat. Bunda universitetlar akkreditatsiyadan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan OO‘YU tegishli bo‘lgan ta'lim sohasidan tanlab olinishi kerak. MBA dasturiga ega biznes-maktab ta'lim tizimining belgilangan talablarga mosligi har bir muayyan holatda akkreditatsiya o‘tkazuvchi assotsiatsiya tomonidan baholanadi. Akkreditatsiya o‘tkazuvchi assotsiatsiya - bu o‘xshash ta'lim tizimiga ega bo‘lgan, o‘z ustavi va baholash mezonlariga muvofiq faoliyat yuritadigan dunyo universitetlarining hamjamiyati. Ijobiy baho olgan  o‘quv muassasasining nomzodi  muhokama qilinadi, shundan so‘ng u tegishli akkreditatsiyani olishi mumkin. Agar salbiy baho berilsa, o‘quv muassasasi akkreditatsiyadan o‘tmagan hisoblanadi.

Akkreditatsiya, odatda 3 dan 5 yilgacha amal qiladi, so‘ng, zarurat bo‘lsa, yangilanadi. Akkreditatsiya jarayoni ixtiyoriy bo‘lib,  albatta, oliy o‘quv yurti mutaxassislari va rahbariyatining istagiga asoslangan, ammo, ko‘p hollarda ancha qimmat taomil hisoblanadi.

Akkreditatsiyadan maqsad

Akkreditatsiyaning borligi ko‘p hollarda ham muassasa, ham talabalar va ish beruvchilar muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi garovi hisoblanadi. Oliy o‘quv yurti akkreditatsiyalangan ta'lim tizimga ega bo‘lishining ustun tomonlarini ko‘rib chiqamiz:

- Talaba uchun: oliy o‘quv yurtining talab etiladigan akkreditatsiyaga ega bo‘lishi talaba MBA  dasturi bo‘yicha tegishli sifatli ta'lim olishi kafolati hisoblanadi.

So‘nggi yillarda talabalarga MBA dasturini taklif etuvchi universitetlar soni ortib bormoqda, bu talabalar uchun xorijiy oliy o‘quv yurtini to‘g‘ri tanlash masalasini murakkablashtiradi. Akkreditatsiya o‘tkazuvchi assotsiatsiya bu masalada talabalarga yaqindan yordam beradi, aynan o‘ziga mos dasturni tanlash uchun zarur ma'lumotlarni taqdim etib, ularga vaqt va mablag‘ni tejash imkonini beradi.

- Ish beruvchi uchun: oliy o‘quv yurtining talab etiladigan akkreditatsiyaga ega bo‘lishi  - zarur kadrlar tarkibini tanlab olishda haqiqiy yordam hisoblanadi.

Sababi, akkreditatsiyaga ega MBA dasturi bitiruvchilari zarur fazilatlarga,  yetakchilik qilish va boshqaruv faoliyati bilan shug‘ullanish uchun talab etiladigan bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, MBA dasturining akkreditatsiyasini olish uchun  ta'lim muassasi talabalari o‘rtasida o‘zlashtirish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lishi kerak.

- Oliy o‘quv yurtining o‘zi uchun  akkreditatsiya - bu ta'lim xizmatlari bozorida tegishli raqobatbardosh o‘rinni egallash uchun real imkoniyat hisoblanadi.

Xalqaro akkreditatsiyani olishning o‘zi oliy o‘quv yurti uchun katta ahamiyatga ega bo‘lib, bu ushbu muassasa dunyo miqyosida eng sifatli va yaxshi bilim berishini kafolatlaydi. Bitta mintaqa yoki mamlakat miqyosida bu ayniqsa katta ahamiyatga ega.


MBA dasturlarini akkreditatsiya qiluvchi tashkilotlar

MBA dasturiga ega oliy o‘quv yurtlarining soni yil sayin va borgan sari tez ko‘payib bormoqda. Akkreditatsiya sohasida xizmat ko‘rsatadigan tashkilotlar sonining o‘sish sur'ati ham ulardan ortda qolmayapti. Shu munosabat bilan, akkreditatsiya masalalarida mutasaddi bo‘lgan, faoliyati kerakli oliy o‘quv yurtining MBA dasturi to‘g‘ri tanlanganiga ishonch tug‘diradigan organni tanlash borasida to‘g‘ri qaror qabul qilish ancha murakkab. Yevropaning hamda Amerikaning logotiplari ba'zida talab darajasida ta'lim berilishini kafolatlamagan holatlar ma'lum.

Turli mamlakatlarning  oliy o‘quv yurtlari va dunyo mintaqalari tomonidan ixtiyoriy ravishda tashkil etilgan akkreditatsiya o‘tkazish bo‘yicha davlat assotsiatsiyalari va mustaqil assotsiatsiyalar xalqaro akkreditatsiyani amalga oshiradilar. Quyidagilar MBA dasturini akkreditatsiya qilishda eng taniqli va ishonchli assotsiatsiyalar hisoblanadi:

  • AACSB International-The Association to Advance Collegiate Schools of Business
  • AMVA- Association of MBAs
  • EQUIS-European Quality Improvement System
  • CEEMAN-International Association for Management Development in Dynamic Societies
  • ECBE- European Council for Business Education
  • CEMS-The Global Alliance In Management Education

Ular ichidan birinchi uchta assotsiatsiyani  eng ustuvor deb atash mumkin

Biryo‘la uchta eng taniqli xalqaro organda akkreditatsiya jarayonidan o‘tish universitetga boshqa ta'lim muassasalariga nisbatan ustunlik beradi. “Uchta toj” sohibi bo‘lgan universitetlar, ular aynan shunday ataladi,   biryo‘la uchta yetakchi xalqaro tashkilot - AACSB, AMBA va EQUIS assotsiatsiyalarida akkreditatsiyadan o‘tganligi tufayli nufuzli ta'lim muassasasi sifatida o‘ta ishonchli hisoblanadi. Hatto bitta akkreditatsiyani olish Oliy o‘quv yurti jiddiy va ishonchli ta'lim muassasi sifatida obro‘ orttirish niyatida ekanligidan dalolat beradi, uchchala tashkilotda akkreditatsiyadan o‘tish esa bilim dargohining nufuzini yanada oshiradi. Bugungi kunda bunday “uchta toj” sohibi bo‘lishdek baxtga muyassar bo‘lgan 64 ta biznes-maktab faoliyat yuritmoqda. Bu ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish va u yerda o‘qish juda qiyin, ammo obro‘si baland va kelajakda muvaffaqiyatli karyera qurishni kafolatlaydi.

Dunyoda yetakchilik qiluvchi uchta eng mashhur akkreditatsiya o‘tkazish assotsiatsiyasining abbreviaturasi

AMBA (Association of MBAs) - Buyuk Britaniyaning akkreditatsiya o‘tkazish tashkiloti bo‘lib, mana 30 yildirki akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tilganini tasdiqlash masalalari bilan shug‘ullanadi. AMBA assotsiatsiyasi MBA dasturi bitiruvchilarining uyushmasi hisoblanadi va uning dastlabki maqsadi diplomli menejerlarni sifatli o‘qitishdan iborat edi. Bugun u uchta yetakchi tashkilotdan bittasi hisoblanadi va  2016 yil ma'lumotlariga ko‘ra 49 tadan ortiq mamlakatda 237 tadan ko‘p oliy o‘quv yurtida MBA dasturini akkreditatsiyadan o‘tkazgan. AMBA akkreditatsiyadan o‘tkazish guruhi fakultet dekanlari, ularning o‘rinbosarlari, dastur direktori va bitta AMBA vakilidan iborat. AMBA baholash mezonlari ancha baland va talablari qattiq, bular:

  • OO‘YUning strategiyasi va oliy maqsadi;
  • infratuzilma, ilmiy-tadqiqot bazasi va taqdim etiladigan qo‘shimcha imkoniyatlar;
  • o‘qituvchilar tarkibining professionallik darajasi (professorlarning to‘rtdan uch qismi ta'lim fani bo‘yicha magisterlik yoki doktorlik ilmiy darajasiga, shuningdek konsalting yoki tadqiqotchilik sohasida ish tajribasiga  ega bo‘lishi kerak);
  • o‘quv dasturining mazmuni, internatsionalizatsiyalashgani va sifati (kamida 500 soat davomida talabalar professorlar bilan bevosita muloqotda bo‘lishi, kamida 120 soat masofadan o‘qishi kerak);
  • talabalarning attestatsiyadan o‘tkazilishi va bilimi (tinglovchilar kamida 3 yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi lozim).

Talablar shunchalik yuqoriki, hatto Stenforda va Garvard universitetlari ham bu talablarga to‘liq javob bermaydi, masalan, bu universitetlardagi ayrim kurslar tegishli ish tajribasiga ega bo‘lmagan talabalar uchun ochiq. Biroq, universitet AMBA akkreditatsiyasi belgisiga ega bo‘lishi bu yerda o‘qish jarayoni amaliy ahamiyatga ega, qulay va talablar yuqori bo‘lgan ta'lim dasturiga muvofiq yo‘lga qo‘yilganini, doimo o‘zgarib turadigan jahon biznes bozorining zamonaviy talablariga javob berishini anglatadi.

AACSB International (the Association to Advance Collegiate Schools of Business) - akkreditatsiya bo‘yicha Amerika tashkiloti, assotsiatsiyalar ichida eng uzoq tarixga ega bo‘lib,  1916 yilda tashkil etilgan. AACSB tashkilotining ustavi butun dunyoda biznesni boshqarish va menejment sohasida oliy ma'lumotni doimiy takomillashtirish va rivojlantirishni maqsad qilgan holda ishlab chiqilgan. Tashkilot faoliyati tegishli nazoratni yo‘lga qo‘yishga, yangiliklarni joriy etishga hamda ishbilarmonlik muhitining global muammolarining yechimini topishga jalb qilinganlikka asoslangan. 2016 yil holatiga ko‘ra 755 ta ta'lim muassasasi AACSB akkreditatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tgan. Ta'kidlash joizki, assotsiatsiya dasturlarni emas, balki oliy o‘quv yurtlarini akkreditatsiyadan o‘tkazadi. Akkreditatsiya maxsus komissiya tomonidan o‘tkaziladi. Komissiya  dekan va ma'murlardan tarkib topgan bo‘lib, quyidagilarni baholaydi:

  •  ta'lim muassasasining yaxlitligi va oliy maqsadining ma'nodorligi, strategiyasi puxta va izchil amalga oshirilishi, ishbilarmonlar xalqaro hamjamiyati rivojiga  qo‘shilgan intellektual hissa;
  •  resurslarni oqilona boshqarish;
  • talabalar faoliyatining nazorat qilinishi, o‘qituvchilar tarkibining talabga javob berishi (professorlar biznesda ish tajribasiga va ilmiy darajalarga ega bo‘lishlari, amaliy tadqiqotlar bilan shug‘ullanishlari kerak);
  • ta'lim dasturlarining to‘laqonliligi va sifati, tuzilmasi to‘g‘riligi va qo‘shimcha imkoniyatlar;
  •  talabalarning biznesdagi professional va akademik faoliyati;
  • OO‘YUning xalqaro faoliyati (xorijiy talaba va professorlar borligi, xorijiy OO‘YU bilan aloqalar yo‘lga qo‘yilganligi, xorijiy o‘quv modullari borligi).

Mazkur assotsiatsiya juda jiddiy ustunlikka ega va bu ustunlik shundaki, muassasani akkreditatsiyaga tayyorlash ishlari  AASCB a'zosi ishtirokida olib boriladi. AASCB a'zosi dasturni standartlarning zarur talablariga javob beradigan darajaga yetkazishda yordam beradi. Bu esa akkreditatsiyaning AASCB tomonidan tasdiqlanishi ta'lim muassasasining dasturi haqiqatan ham  eng yuqori xalqaro talablarga javob berishi kafolatlanishini anglatadi.

EQUIS (European Quality Improvement System)- bu oliy o‘quv yurtlarini akkreditadsiyadan o‘tkazish Yevropa tizimi hisoblanadi. EQUIS o‘z faoliyatini nisbatan yaqinda, 1997 yilda boshlagan. Bu vaqt ichida assotsiatsiyada atigi 76 ta OO‘YU akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.  Aytib o‘tish lozim, assotsiatsiya uchun xalqaro hamkorlik va o‘zaro aloqalar ustuvor g‘oya hisoblanadi. Shuning uchun akkreditatsiya o‘tkazuvchi tashkilot bilan bir qatorda axborot, ilmiy-tadqiqot va amaliy o‘zaro almashuv, menejment va biznes sohasidagi innovatsiyalarga bag‘ishlangan turli munozara va konferensiyalarda ishtirok etish  uchun eksklyuziv baza maqomiga ega. Akkreditatsiyadan o‘tkazishda EQUIS umuman ta'lim muassasasini ham, alohida dasturlarni ham baholaydi, bunda dasturning faqat sifati baholanibgina qolmay, balki tarkibiy bo‘linmalar faoliyati, infratuzilma, olib borilayotgan tadqiqotlar, tegishli IT darajasi ta'minlanganligi ham baholanadi. EQUIS jamoasi faqat dekanlardan tarkib topgan bo‘lib, quyidagi talablarni qo‘yadi:

  • ta'lim muassasasi yuqori darajada internatsionalizatsiyalashgani, boshqa professional maktablar bilan o‘zaro  aloqalar, jamiyat uchun foyda keltirish;
  • oliy o‘quv yurtlarining dasturlari shunday tashkil etilgan bo‘lishi kerakki, talabalar o‘quv jarayonida o‘zlarining boshqaruv va biznes sohasidagi ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik qilish imkoniyatiga ega bo‘lishlari lozim;
  • ta'lim dasturining yaxlitligi va dolzarbligi, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilishi, talabalarni o‘qitish sifati yuqoriligi, o‘zlashtirish qat'iy nazorat qilinishi;
  • o‘qituvchilar tarkibi yuqori malakaga ega bo‘lishi va doim o‘z bilimini oshirishi;
  • aniq belgilangan maqsadlar va strategik rejalashtirish;
  • ma'muriy va moliyaviy mablag‘lardan oqilona foydalanish.

Shunday qilib, EQUIS akkreditatsiyasidan o‘tish haqiqatan ham ta'lim yuqori darajada ekanligining dalili bo‘lib xizmat qiladi va talaba o‘qish davrida biznes sohasidagi jiddiy masalalarga jalb qilinishini, xalqaro hamkorlar bilan o‘zaro aloqa o‘rnatishini va bo‘lajak professional faoliyatda porloq istiqbolga ega bo‘lishini kafolatlaydi.