Shveytsariya atalmish «olmos». 2-qism Hafsiz hayot uchun orzudagi joy

Hayot sifati indeksiga ko‘ra, Shveytsariya - yashash va farzand tug‘ish uchun va, albatta, o‘qish uchun orzudagi mamlakat.

<- Oldingi qismini o‘qish

Hayot sifati indeksiga ko‘ra, Shveytsariya - yashash va farzand tug‘ish uchun va, albatta, o‘qish uchun orzudagi mamlakat. Bu indeks turli tuman ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga oladi: jinoyatchilik darajasi, hayottdan qoniqish hissi, bandlik ko‘rsatkichlari, sog‘liqni saqlash tizimi va, albatta, ta'lim sifati.


Jinoyatchilikka kelsak, savollar yo‘q: agar boshqa davlatlar bilan solishtiriladigan bo‘lsa, Shveytsariyada jinoyatchilik deyarli yo‘q. Taqqoslash uchun: Shveytsariyada  og‘ir jinoyatlar 100 000 kishiga hisoblaganda 0,7 foizni tashkil etadi; YEI bo‘yicha bu ko‘rsatkich 4 foizga teng, Belgiyada - 6,8 foizga, Rossiyada 10,2 foizga. Shveytsariyaliklarning 77 foizi tungi shahar ko‘chalari bo‘ylab yolg‘iz yurishga qo‘rqmaydi, YEI bo‘yicha bunday botirlar miqdori 67 foizdan oshmaydi.

Shveytsariyada og‘ir jinoyat qurbonlarini ko‘proq ayollar emas, erkaklar tashkil etadi: nisbat ikkiga bir. Jinoyatchilikning o‘sishi o‘rtahol mamlakatlardan kelgan sayyohlarning tugamas oqimi bilan bog‘liq. Mamlakatda doimiy yashaydigan muhojirlar jinoyatchilarning aksariyat qismini tashkil etadi (yashash uchun ruxsat bilan va ruxsatsiz). Qonunni buzganlarning ko‘pchiligi qochoqlardir. Jinoyat xronikasining asosiy qahramonlari ham aynan shu toifa fuqarolardir. Yerli aholiga kelsak, yoshlar ichida ham, katta yoshlilar ichida ham jinoyatchilik darajasi kamayishi kuzatilmoqda. Federal Statistika byurosi e'lon qilgan ma'lumotlarga ko‘ra, “haqiqiy” Shveytsariyaliklar o‘rtasida jinoyatchilik 11 foizga kamaygani kuzatilmoqda.

Umuman olganda, Shveytsariyada jinoyatchilik - bu, birinchi navbatda, korrupsiya va Shveytsariyalik “mavrodi”larning moliyaviy faoliyati bilan bog‘liq keng ko‘lamli jinoyatlar. Mamlakatda mayda jinoyatlar - juda kam uchraydigan hol.


Eng “jinoyatchi” shahar - Jeneva. Bu shahar butun dunyo jinoyatchilarini ohangrabo kabi o‘ziga tortadi. “Shveytsariyacha” laqillatish bu yerda yangilik emas va allaqachon hech kimni hayron qoldirmay qo‘ygan. Karta muttahamlari, angishvonachilar, kissavurlar, jinoyat hidi keladigan aldov ishqibozlari - fransuzzabon Shveytsariya poytaxti va unga qo‘shni hududlarni juda yaxshi ko‘rishadi. Aynan shu yerda aholiga boshi hisoblaganda politsiyachilar soni eng ko‘p.

OAVda va nafaqat u yerda Shvnysariyani ko‘pincha politsiyachi davlat deb atashadi, bu shubhali klishe hokimiyat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar bilan bog‘liq emas - mamlakat ko‘pchilik uchun demokratiya namunasi hisoblanadi. Mamlakatda, haqiqatan ham, politsiyachilar ko‘p, aniqrog‘i turli tuman politsiya bo‘linmalari ko‘p. Ko‘l politsiyasi (suv politsiyasiga o‘xshash), hayvonlarni noto‘g‘ri dafn qilish bilan kurashishga yoki axlatni to‘g‘ri utilizatsiya qilishni nazorat qilishga ixtisoslashgan politsiya otryadlari. Shveytsariyaliklarga xos bir fazilat bor,  bu ham bo‘lsa - har doim har narsada batartiblikka intilish. Shveytsariyaliklar, masalan, hamma o‘z ishi bilan shug‘ullanishi, shug‘ullanganda ham buni professional darajada ado etishi kerakligiga chuqur va samimiy ishonadilar. Oddiy Shveytsariyalik o‘z uyida devorni o‘z qo‘li bilan bo‘yash yoki kran jo‘mragini tuzatish mumkinligini tushunishi qiyin - axir buning uchun maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan mutaxassislar bor-ku!

Huquq-tartibot organlari tizimiga millionlab “ongli” fuqarolar yaqindan yordam beradi va bunday fuqarolar aholining aksariyat qismini tashkil etadi. Umuman, fuqarolik burchini ado etishda Shveytsariyaliklarga teng keladiganlarni topish qiyin. Vaholanki, xalqdan chiqqan aynan shu ko‘ngillilarning yordamida ko‘plab jinoyatlar fosh etilgan.


Shveytsariyaliklar - o‘zgacha xalq va davlat ichidagi muammolarni ham o‘zgacha hal qiladilar. Masalan, dunyo miqyosida 1-o‘rinda turadigan jinoyat - giyohvandlik muammosini hal qilish uzoq vaqt olmadi. Shveytsariyaliklar uni o‘zlaricha hal qildilar: ayrim kantonlarda giyovandlik domiga tushib qolgan fuqarolar “barcha zarur narsalarni” muayyan vaqtda davlatdan bepul olishlari mumkin. To‘g‘rimi bu ish yoki yo‘qmi - buni biz hal qilmaymiz. Biz faqat natijasini baholashimiz mumkin. Natija esa bunday - shundoq ham xavfsiz Shveytsariyada ko‘chalarida yurish yanada xavfsizroq bo‘lib qoldi.

“Tepada” qabul qilingan g‘ayrioddiy qarorlardan yana biri - qurol-aslaha to‘g‘risida qonun. Qonunning liberalligi tufayli har ikkinchi Shveytsariyalik uyda qurol saqlashi va o‘zi quroli tufayli o‘zini himoyalangan his qilishi mumkin. Ko‘pchilik jinoyatchilik (aynan mayda jinoyatchilik hisoblanadiganlari) pastligini aynan shu qonun bilan bog‘laydi.

O‘tgan yilda aholi bandligi ko‘rsatkichi biroz pand berdi - Shveytsariya mehnat bozori 2017 yilga porloq prognozlar qilish uchun imkoniyat qoldirmadi. Iqtisodiy statistika ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yil davomida ishsizlik darajasi 0,7 foizga ko‘paygan, konfederatsiya uchun bu mislsiz ko‘rsatkich - Shveytsariyada bunday ko‘rsatkich oxirgi marta 12 yil avval kuzatilgan. Birinchi navbatda, yoshlar (15-24 yosh) va muhojirlarga ishsizlik “qurboni” bo‘lishdi.

Umuman, Shveytsariyada ishsizlik darajasi pastligicha qolmoqda - foiz ko‘rsatkichi IHTT mamlakatlari bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan past. Bundan tashqari, Shveytsariya ekspertlarining boshqa optimistik prognozlari (YAIM 1,5 foizga o‘sishi, milliy eksport hajmi ortishi, fond birjasida ijobiy tendensiyalar bo‘lishi kutilmoqda) oldida bu mislsiz va ajablanarli holni minus deb atashga til bormaydi.


Qoniqish va xotirjamlik hissiga kelsak, bu yerda ko‘p gapirishga o‘rin ham yo‘q. Bu mamlakatga sayohat qilib, aholiga razm solishning o‘zi kifoya - odamlar chehrasida shunday xotirjamlik, o‘ziga bo‘lgan hurmatni ko‘rasizki, ular o‘z hayotlari va atrofda yuz berayotgan hamma narsalardan chuqur qoniqish hosil qilganliklariga guvoh bo‘lasizki, bunday chehralarni dunyoning boshqa bironta mamlakatida ko‘rmasangiz kerak. Ayniqsa, pensionerlarning yuzida “xotirjamlik nuri” taralib turadi, bu esa juda muhim.

Uzoq yillar davomida o‘z obro‘si ustida ishlar ekan ... Davomini o‘qish ->

Shveytsariya atalmish «olmos». 1-qism. Oligarxlar, soliqlar va banklar haqida->