Shveytsariya atalmish «olmos». 5-qism. Eng a'lo ta'lim: ma'lum va noma'lum jihatlari

Shveytsariya maorif tizimi mohiyatan noyob - bu an'anaviy Yevropa ta'lim uslublari, Amerika standartlari va mahalliy kolorit uyg‘unligi.

<- Oldingi qismini o‘qish

Shveytsariya maorif tizimi moslashuvchanligi bilan ajralib turadi: to‘rtta rasmiy til davlat tili maqomiga ega bo‘lgan Shveytsariya davlati turli xil ta'lim dasturlarini taklif etish imkoniyatiga ega. Shveytsariya maorif tizimining noyobligi shundaki, uning doirasida an'anaviy Yevropa ta'lim uslublari, Amerika standartlari va mahalliy kolorit uyg‘unlashib ketgan.

So‘nggi o‘n yilliklar tendensiyalari quyidagicha: xorijda ta'lim olishni rejalashtirgan maktab  va kollej o‘quvchilarining ko‘pchiligi  o‘qish uchun Shveytsariyani tanlamoqdalar. Bugungi kunga kelib o‘z farzandlarini bilim olish uchun aynan shu ko‘p tilli va ko‘p madaniyatli mamlakatga yuborishni istagan Rossiya va MDH davlatlari fuqarolaridan iborat mijozlar bazasi shakllanib ulgurgan.

Shveytsariyada o‘rta ta'lim uchun to‘lov UK maktablaridagi to‘lov miqdoridan birmuncha yuqori. Shunga qaramay, Shveytsariya bilan “Yer kurrasining pansioni” nomi uchun kurashayotgan Buyuk Britaniyaning “taxti” qimirladi deyish mumkin.  Taqqoslanadigan bo‘lsa, nufuzli Shveytsariya pansionlarida bir yil o‘qish uchun taxminan $65000 to‘lash kerak, Britaniyadagi boarding school maktiblarida o‘qish haqi juda kam hollarda $55000 dan oshadi.

Shveytsariya pansionlari Britaniya pansionlaridan sezilarli darajada farq qiladi:

  • Shveytsariyada barcha maktablar xalqaro maktablardir, chunki chet elliklar o‘qishi uchun moslashtirilgan - o‘quvchilar orasida mahalliy aholi vakillarining ulushi juda kam.
  • Britaniyaliklar esa, aksincha, o‘z maktablarida chet elliklar sonini cheklaydilar.
  • Maktablarda britaniyacha tarbiyaning prinsiplaridan biri - asketizm.
  • Shveytsariya pansionlari esa ko‘proq interyeri puxta o‘ylangan, shinam jihozlangan nufuzli tog‘ sanatriylarini eslatadi.
  • Shveytsariya pansionlarining o‘quvchilari ko‘p vaqtni ochiq havoda o‘tkazadilar (ko‘pincha, darslar tabiat qo‘ynida o‘tkaziladi), toqqa chiqadilar - ko‘pchilik tog‘ safarlarining yo‘nalishlari alma mater derazasining tagidan o‘tadi.


Buyuk Britaniyada, turgan gapki, sayr qilish uchun tog‘ni topishni o‘zi qiyin - britaniyaliklar buni o‘rnini oliy toifali sport infratuzilmasi bilan to‘ldiradilar, mijozlarni olimpiya darajasidagi basseynlar va tennis kortlari bilan, otxonalar, gimnastika zallari va o‘yin maydonlari o‘zlariga jalb qiladilar.

  • Shveytsariya pedagoglari o‘z o‘quvchilaridan (ayniqsa boshlang‘ich sinf o‘quvchilaridan) qat'iy intizomga to‘liq rioya qilishni talab etmaydilar, bunda ular salohiyat va imkoniyatlar, agar ular bolada bor bo‘lsa, har qanday sharoitda o‘zini namoyon qiladi, degan prinsipga amal qiladilar. Buning natijasi o‘laroq, Shveytsariya boshlang‘ich sinflarining o‘quvchilari akademik masalalarda o‘zlarining boshqa mamlakatdagi tengdoshlaridan biroz orqada qoladilar, biroq, chet tilini yaxshiroq o‘zlashtiradilar va jismoniy tayyorgarligi yaxshiligi bilan ajralib turadilar.
  • Britaniya yopiq maktablaridagi qattiq intizom hammaga ma'lum: darslarni o‘zlashtirish, qat'iy tartibga rioya qilish va so‘zsiz itoat - Qirollikdagi maktab ta'limining asosini tashkil etuvchi uchta “ustun”.
  • Shveytsariyada esa poliglot va kosmopolitlarni tarbiyalaydilar - britaniyaliklar esa hammani chin “anglosaks”ga aylantirishga harakat qiladilar.

XX  asrning 20-yillarida Shveytsariya maktablarida 20 tagacha milliy seksiyalar ishlardi va istalgan Yevropa davlatining dasturini tanlash mumkin edi. Bugungi kunga kelib Shvnysariya ta'lim modelida bunday rang-baranglik qolmagan, ammo o‘quvchiga tanlash imkoniyatini berish va bir necha muqobil variantlarning bor bo‘lishi ustuvor prinsipligicha qolgan.

Bugun konfederatsiyaning maorif tizimi segmentlarga bo‘lingan va quyidagilarni ko‘zda tutadi:

  • MATURA Shveytsariya federal dasturi;
  • Chet elliklar juda katta qiziqish bildiradigan ingliz-amerika dasturi;
  • Uchta davlat tiliga moslashtirilgan nemis, fransuz va italyan dasturlari.

Shveytsariyada qariyb 250 ta xususiy maktab faoliyat yuritadi, ularning aksariyat qismida ta'lim turli tillarda olib boriladi, xususan:

  • maktablarning 250 tasida ham boshqa tillar bilan bir qatorda fransuz tilida dars o‘tiladi;
  • nemis tilida ham dars o‘tiladigan maktablar 2 marta kam;
  • italyan tilida ham dars o‘tiladigan maktablar soni esa 20 marta kam.

Har toifadagi Rossiya kiborlari uchun Shveytsariya pansioni - bu rusumga kirgan brend, tasavvur, assotsiatsiya, his-tuyg‘ular va qadriyatlar majmui bo‘lib, ishonch bilan aytish mumkinki, “Shveytsariya sifati” tushunchasi bilan bog‘liq barcha elementlarni o‘z ichiga oladi.

“Sara kishilar mamlakati” - obodonlashtirilgan va osuda Shveytsariyani ko‘pincha aynan shunday ataydilar. “Sara kishilar” soni esa so‘nggi yillarda ko‘payib bormoqda, Alp respublikasining o‘zi esa borgan sari ko‘proq “Yevropa sifati darajasidagi ta'lim” tushunchasi bilan bog‘lanmoqda. Farzandini mashhur Shveytsariya maktablaridan biriga o‘qishga berish bugungi kunda ota-onaning davlatmandligi ko‘rsatkichi va bolaning kelajakda katta muvaffaqiyatlarga erishishi kafolati.

Shveytsariya maktablariga hali hunuz yulduzlar kasalligiga uchrash xavf solmayapti. Taassufki, Shveytsariya boarding school maktablarining katta og‘alari haqida ko‘p narsa ma'lum emas. Ajablanarli tomoni ham aynan shunda. “Shveytsariya oliy o‘quv yurti” tushunsa pishloq, shokolad va Rolex kabi hammaga ma'lum va mashhur. Shveytsariya universiteti tilga olinganda bir qator ma'nodosh tushunchalar hayolga keladi: xortirasini “kavlashtirish”ni juda yaxshi ko‘radiganlardan kimdir taniqli psixoanalitik Freydni eslaydi, yana kimdir Eynshteynni tilga oladi, nisbiylik nazariyasi otasi Shveytsariyaga taalluqlidek tuyuladi, ammo hech nima deyolmaydiganlar ham uchraydi. Oxirgi toifaga kiradiganlar, hartugul, ko‘p emas. Bir qancha Nobel mukofoti laureatlarini tarbiyalagan Shveytsariya universitetlari to‘g‘risida ma'lumotlar kam. Odamlar mamlakatimiz kiborlarining tilidan tushmaydigan pansionlar to‘g‘risida ko‘proq bilishadi. Paradoks shundaki, bayon etilganlarga qaramay universitetlarning dong‘i va nufuzi geometrik progressiyada oshib bormoqda. Demak, o‘qishga kirayotganlar soni ham oshmoqda: Shveytsariya universitetlarida o‘qiydiganlarning soni ham ko‘paymoqda: Shveytsariya universitetlarida tahsil oladiganlarning 18 foizini chet elliklar tashkil etadi. Jeneva universitetida esa bu ko‘rsatkich 35 foizga yaqinlashmoqda. Xorijiy oliy o‘quv yurtini bitirganlik to‘g‘risidagi diplom  - sifat sertifikati va porloq kelajak kafolati. Diplom - bu Alp tog‘lari qo‘ynidan joy olgan “bilim gulshani” ma'lum muddat sizning ikkinchi uyingiz bo‘lganidan, “Shveytsariya OLIY SIFATI” tushunchasini sizga nisbatan ham qo‘llash mumkinligidan dalolat beradi.

Shveytsariyaliklar o‘z universitetlarida chet ellik talabalarni ko‘rishdan doim mamnunlar. Boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas - axir Shveytsariya kontinental Yevropadagi eng ko‘p madaniyatli va ko‘p tilli mamlakat. Kichkina davlat - davlat tili esa to‘rtta. Bundan ortiq hamjihatlik bo‘ladimi!

Biroq, chet ellik talabalar borasida ayrim cheklashlar bor, albatta. Bu noyob mamlakatda tug‘ilish baxtiga muyassar bo‘lmagan Eskulap ixlosmandlari moviy ko‘llar, Alp tog‘ining go‘zal manzaralari va musaffo Shveytsariya tog‘lari havosini orzu qilmasalar ham bo‘ladi. Tibbiyot xodimlarining obro‘si baland, hakimlik hunari shunchalik ko‘p daromad keltiradiki, tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida o‘z fuqarolari uchun ham joy yetmaydi. Chet el fuqarosining Shveytsariyada doktorlik diplomini olishi - bu ertak. Hatto stomatolog yoki veterinariya vrachi kabi kasblarda ham muhojirlarga o‘rin yo‘q. Boshqa kasblarga esa bajonidil o‘qitishadi.


Universitet ta'limi tizimi 10 kanton universitetini (Bazel, Bern, Syurix, Jeneva, Lugano, Lozanna, Lyutserna, Nevshtatel, Sankt-Gallen, Fribur universitetlari), 2 ta federal texnologiya institutini (Lozanna Federal politexnika maktabi va Syurixdagi Shveytsariya oliy texnika maktabi), shuningdek universitet darajasidagi institutlarni (eng taniqlisi - Jeneva xalqaro munosabatlar universiteti), amaliy fanlar universitetlarini, musiqa va san'at oliy o‘quv yurtlarini, pedagogika institutlarini   o‘z ichiga olgan. Bu ro‘yxatga universitetlarni muvofiqlashtiruvchi va ta'lim sifatini nazorat qiluvchi Swiss University Conference (SUC) - Kantonlar va Shveytsariya konfederatsiyasi birlashgan tashkiloti akkreditatsiyasini olgan barcha ta'lim muassasalari kiradi.

XX  asrning 90-yillari boshida o‘zlari va o‘z farzandlari uchun eng zo‘r narsalarga erishishga intilgan “yangi russlar” orasida Shveytsariyada o‘qish juda nufuzli hisoblanar edi. Eng muhimi - eng a'lo va eng qimmat bo‘lsin. Doim tolerantligi bilan ajralib turgan shveytsariyaliklar “madaniy shok”ni boshdan kechirib, o‘quv muassasalariga talabalarni saralab olish talablarini oshirdilar.

Bugun holat o‘zgargan. Endi Shveytsariyaning eng nufuzli o‘quv muassasalari talabalari - bu faoliyat turidan qat'i nazar allaqachon Yevropa standartlari va qadriyatlari tizimiga muvaffaqiyatli moslashgan kishilarning farzandlari va nabiralari.

Oldingi maqolalar:

Shveytsariya atalmish «olmos». 1-qism. Oligarxlar, soliqlar va banklar haqida ->

Shveytsariya atalmish «olmos». 2-qism. Xavfsiz hayot uchun orzudagi joy ->

Shveytsariya atalmish «olmos». 3-qism. Turizm va mehmonxona biznesi->

Shveytsariya atalmish «olmos». 4-qism. Shveytsariya  sog‘liqni saqlash tizimi va tibbiyot turizmi ->